Mirobod tumanida Qoʻriqlash departamenti rahbariyati tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda
2026-06-11 05:40:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahri Mirobod tumanida Qoʻriqlash departamenti rahbari boshchiligidagi ishchi guruh mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha vazifalar ijrosi taʼminlash hamda xavfsiz muhitni yaratish borasida amaliy ishlarni olib bormoqda.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Qoʻriqlash departamenti boshligʻi polkovnik Q.A.Shodibekov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tuman hududida raqamli texnologiyalarga asoslangan xavfsizlik tizimini joriy etish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumanning Sharof Rashidov va Afrosiyob mahallar fuqarolar yigʻinida koʻp qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarda videokuzatuv qurilmalari oʻrnatish, kirish yoʻlaklarini tashvish tugmalari bilan jihozlash hamda avtotransport harakatini nazorat qilish imkonini beruvchi zamonaviy yechimlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Mahalla faollari bilan hudud xavfsizligini taʼminlash boʻyicha muloqotlar tashkil etildi. Tezkor harakatlanuvchi guruhlarning yoʻnalishlarini tashkil etish boʻyicha takliflar olinib amaliy ishlar boshlandi.
Bu kabi tadbirlar mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, “manzilli ishlash” tizimini samarali joriy etishga mustahkam zamin yaratmoqda.
IIV huzuridagi Qoʻriqlash departamenti Axborot xizmati






