«Buxoro tajribasi» asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan hududlarda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning «mahallabay» muhokamasi oʻtkazildi
2024-07-19 12:05:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida mahallalarda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan keng muhokama qilish boʻyicha «Buxoro tajribasi» yaratilgan.
Gʻijduvon tumani hokimligi majlislar zalidan turib videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtkazilgan navbatdagi muhokamada ham Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.
Tanqidiy tarzda oʻtgan muhokamada, Gʻijduvon tumanining «Paxtaobod» hamda Qorovulbozor tumanining «Tinchlik» mahallalarida sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil boʻlayotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, bu kabi jinoyatlarni oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlar xususida soʻz yuritildi.
Qizil toifaga kirgan ushbu ikki mahalla masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, ««Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash toʻgʻrisida»gi 10-sonli qoʻshma qaror doirasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullarning yoʻl qoʻygan kamchiliklari birma-bir tanqidiy tahlil qilindi.
Jarayonda, muhokamaga qoʻyilgan ushbu mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.
Soʻzga chiqqan viloyat IIB boshligʻi Ikromjon Tursunov, viloyatda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga sabab boʻlgan omillar xususida soʻz yuritib, kelgusida bu turdagi jinoyatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida, barcha mahallalarda «xonadonbay», «oilabay» va «fuqarobay» tizim, «Xavfsiz hovli» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab, birinchi galda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ijtimoiy profilaktik tadbirlar yuzasidan oʻzining bir qator tavsiyalarini berdi.
Navbatdagi soʻzga chiqqan viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov sektor rahbarlari, taalluqli idoralar masʼullari hamda mahallalar yettilik vakillarining faoliyatidagi oʻzaro munosabatlarda bir birini bogʻlovchi zanjirning uzilganligi, hamkorlikning yoʻqligi yoki yetarli darajada tashkil etilmaganligi natijasida mahallalarda ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilayotganligini aytib, oʻz xizmat vazifalarini bajarishda sansolarlikka va loqaydlikka yoʻl qoʻygan har bir masʼul mansabdor shaxsga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida ogohlantirdi.
Muhokama yakunida viloyat hokimi tomonidan barcha darajadagi rahbarlar, mahalla yettilik vakillariga har bir koʻcha, qishloq, ovul va aholi punktlaridagi har qanday muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, probatsiya xizmati nazorati ostida turgan, shuningdek, ruhiy asab hamda narkologiya dispanseri roʻyxatida turgan, oilaviy zoʻravonlikka uchragan shaxslar bilan manzilli ishlash borasida hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar birgalikda manzilli ish olib borishlari yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlarini berdi.
Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlarning bu kabi «mahallabay» muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









