Tuman IIB faoliyatidan. Odamlar roziligi uchun
2024-07-14 11:00:00 / Yangiliklar

Qonliko‘l tumani dastlab 1970 yili Leninobod nomi bilan tashkil etilgan. Keyinchalik, 1993 yil 7 dekabrdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qaroriga ko‘ra Qonliko‘l nomi qayta tiklangan.
Markazi — “Qonliko‘l” posyolka fuqarolar yig‘ini. Umumiy maydoni 0,74 ming kv metrni tashkil etib, Nukus shahridan 88,4 km uzoqlikda joylashgan. Tuman 2 ta makon, 9 ta ovul fuqarolar yig‘inidan iborat bo‘lib, 52 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Bugungi kunda Qonliko‘l tumanida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida umumiy jinoyatchilik soni 19 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar soni esa qariyb 36 foizga kamayishiga erishildi, — deydi tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Farxat Urumbayev. — Taʼkidlash joizki, hududda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda o‘zini o‘zi boshqarish organlari, turli davlat idoralari bilan hamkorlikda ko‘rilayotgan profilaktik chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Shuningdek, joylarga jami 379 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, ular joylardagi holatni real vaqt rejimida kuzatish barobarida, tinchlik-osoyishtalikni asrash imkoniyatini bermoqda.
Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda qasddan odam oldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish, tovlamachilik hamda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir bo‘lmadi.
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishning samarali yo‘llaridan yana biri uzoq muddatga ketgan va yashash manzillariga qaytib kelgan shaxslar bilan ishlash hisoblanadi.
Shu bois tuman IIB xodimlari tomonidan xorijga ketganlar hisobi yuritilib, xorijdan qaytib kelgan 1299 fuqaro bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.
Jinoyatlar tahlilidan kelib chiqqan holda, hozirda tumandagi makon fuqarolar yig‘inlaridan 7 tasi “yashil”, 3 tasi “sariq” va 1 tasi “qizil” toifaga kiritilgan. Ularga ayni paytda 11 nafar profilaktika inspektori biriktirilgan. Shu kunga qadar ular tomonidan turli huquqbuzarliklar yuzasidan 1302 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sohani munosib kadrlar bilan to‘ldirish, ularga zarur xizmat sharoitini yaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuning uchun ham “xodimbay” ishlash tamoyili asosida shaxsiy tarkibning xizmat faoliyati, oilaviy va yashash sharoiti o‘rganilib, xodimlar zarur hollarda har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda, — deydi tuman IIB boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Aydos Xakimniyazov.
Tuman 3-sektori hududiga «Sari oltin» va “Jayxun” makon fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Bu hududlarda 1600 dan ziyod xonadonda 10 mingdan ortiq aholi yashaydi. Sektor rahbari boshchiligida, avvalo, kam taʼminlangan va yordamga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash alohida eʼtiborga olingan.
Xususan, “Jayxun” mahallasida yashovchi fuqaro J.Ataniyazovning murojaati bo‘yicha turar joyiga isitish tizimi o‘rnatib berilgan bo‘lsa, Z.Allaniyazovga yangitdan uy-joy qurishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda, tuman markazidan 25 km uzoqlikda joylashgan “Jayxun” MFYga yerosti suvlarini filtrlab beruvchi uskuna hamda Amudaryoga suv nasosi agregati o‘rnatib berildi.
Umuman olganda, joriy yilda sektordagi sayyor qabullarda 111 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 71 foizi ijobiy hal etilishiga erishilgan.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
