Ayol va jamiyat. Ajrashish — yechim emas
2024-07-11 13:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizning Uchtepa tumani “Qo‘rg‘ontepa” mahallasida ijara asosida yashovchi Sh.Sh. turmush o‘rtog‘i R.Sh. bilan yuzaga kelgan oilaviy kelishmovchilik yuzasidan “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘raydi.
Yosh oilada yuzaga kelgan muammolarni o‘rganish va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida ular tuman IIB 2-sonli IIBga taklif qilinadi.
Tuman XQMB katta inspektorlari, podpolkovnik Nilufar Sobirova va kapitan Sandugash Nursultonova hamda “Qo‘rg‘ontepa” mahallasi xotin-qizlar faoli Sh.Karimova bilan hamkorlikda profilaktik suhbat o‘tkaziladi.
Jarayonda maʼlum bo‘ladiki, 2022 yilda turmush qurgan yosh oila qaynona-qaynotasi bilan kelisha olmay, alohida yashash maqsadida ijara uyga ko‘chib o‘tadi. Ayni paytda oilada farzand yo‘qligi hamda moddiy tomondan yetishmovchilik yuzaga kelgani sababli, Sh.Sh.ga turmush o‘rtog‘i tomonidan turli ruhiy tazyiq bo‘layotgani aniqlanadi.
Mazkur holatni inobatga olib, fuqaro Sh.Sh.ga huquqiy maslahat berilib, himoya orderi rasmiylashtirildi. Eng asosiysi, er-xotin yarashtirildi.
Oilada kelishmovchilik paydo bo‘lsa, birinchi navbatda, muammoning kelib chiqish sababi o‘rganiladi.
Ayol bilan dildan suhbat quriladi, -deydi podpolkovnik Nilufar Sobirova. — Ko‘pincha bizga murojaat etayotgan ayollar ajrashishni so‘nggi chora, deb biladi.
Aslida baʼzan kelishmovchilikka juda oddiy holatlar ham sabab bo‘ladi: o‘rinsiz rashk, qarindoshlarning bemavrid aralashuvi, meʼyoridan oshgan orzu-havaslar…
Zero, ajrashish — ye-chim emas. Oila mustahkamligi uchun barchamiz masʼulmiz.
Podpolkovnik Nilufar Sobirova hamda kapitan Sandugash Nursultonova 16 ta mahalla aholisi bilan ishlab keladi.
Notinch oilalar bilan tez-tez profilaktik suhbatlar o‘tkazib, oila mustahkamligini asrash hamda farovonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Afsuski, notinch oilalarda voyaga yetayotgan bolalar jurʼatsiz, qo‘rqoq va odamovi bo‘lib qolishadi. Baʼzilari esa urushqoq, sirkasi suv ko‘tarmaydigan bo‘lishadi, — deydi kapitan Sandugash Nursultonova. — Oiladagi notinchlik holati bolalar ruhiyatida yomon aks etadi.
Sinfdoshlari, hatto ustozlari bilan kelisholmaydi. Bora-bora tajovuzkor bo‘lib qolishi ham mumkin. Ota-onasini yomon ko‘rib qolib, uyidan chiqib ketishlar, jinoyat olamiga daxldor bo‘lib qolishlarni ham shu sabab bilan bog‘lash mumkin.
Biz ajrim yoqasidagi ota-onalarga bu kabi holatlarni tushuntirib, ularni yomon taqdirlardan asrashga harakat qilamiz.
Ha, odamlar mushkulining oson bo‘lishi va ajrim yoqasidagi oilalarning yarashuviga sababchi bo‘lgan onida o‘zini dunyoning eng baxtli kishisi, deb hisoblaydigan podpolkovnik Nilufar Sobirova va kapitan Sandugash Nursultonova kabi fidoyi xodimalar bor ekan, ular kuchni xalqning duolaridan oladi.
Bu bilan yana-da ko‘proq ishlaydi, yangidan-yangi ezgu maqsadlarni ko‘zlayveradi. El-ulus ulardek odamlar tashvishi yo‘lida jonhalak, jonnisor ayollarga hamisha muhtojdir.
©️ “Postda” gazetasi, Adolat Fayziyeva, Toshkent shahri.
