IIV Akademiyasining kunduzgi taʼlim bakalavriatiga qabul imtihonlari boʻlib oʻtdi
2024-07-10 10:00:00 / Yangiliklar

IIV Akademiyasida joriy yilning 24-iyun kunidan 7-iyul kuniga qadar «Abituriyent – 2024» imtihonlari boʻlib oʻtdi. Unda 3 mingdan ziyod nomzod taʼlim muassasasining kunduzgi taʼlim bakalavriatida oʻqish istagini bildirib, imtihonlarda ishtirok etdi.
Kirish imtihonlari 2 bosqichda – maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat tarzida amalga oshirildi. Dastlabki bosqichda har bir nomzodning salomatlik holati, yozma nutqi va savodxonligi, xorijiy tillardan birini qay darajada oʻzlashtirgani hamda umumjismoniy tayyorgarligi sinovdan oʻtkazildi. «Ekspert-kriminalistika faoliyati» ixtisoslik yoʻnalishi boʻyicha hujjat topshirgan nomzodlardan tanlagan sohasining xususiyatidan kelib chiqqan holda yozma ish (bayon) oʻrniga kimyo va fizika fanidan ogʻzaki, xorijiy tildan test sinovining oʻrniga matematika fanidan test sinovlari qabul qilindi.
Yuqoridagi sinovlardan yetarli ballarni qoʻlga kiritgan nomzodlar esa huquqshunoslik, Oʻzbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan oʻtkazilayotgan yakka tartibdagi yakuniy suhbatda oʻz bilimlarini namoyon etishdi.
Aytish joizki, imtihon jarayonlarini shaffof oʻtkazish maqsadida nomzodlar uchun maxsus raqamlangan kartochkalar joriy qilingan. Yaʼni har bir nomzod imtihonni mazkur kartochka orqali topshiradi va uning shaxsiga doir maʼlumotlari oshkor qilinmaydi. Jarayon yakunida esa ular olgan ballar oʻqib eshittiriladi. Bundan tashqari kunlik natijalar IIV Akademiyasi rasmiy telegram kanalida eʼlon qilib borildi.
Imtihonlar IIV sohaviy xizmatlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari mutaxassislari hamda Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan qabul qilindi. Yana bir muhim jihati, tibbiy koʻrikdan yakuniy suhbatgacha boʻlgan barcha bosqichlar onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirildi. Bu esa natijadan koʻngli toʻlmagan nomzodlarning murojaatlarini xolisona koʻrib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy oʻquv yilida Akademiyaning kunduzgi taʼlim bakalavriatiga 7 ta – «tezkor-qidiruv faoliyati», «huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati», «ekspert-kriminalistika faoliyati», «jazoni ijro etish faoliyati», «xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash», «tashkiliy-shtab faoliyati», hamda «probatsiya faoliyati» ixtisoslik yoʻnalishlari boʻyicha nomzodlar qabul qilinadi.
Nomzodlarning yakuniy natijalar IIV Akademiyasi rasmiy telegram kanalida eʼlon qilinadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati








