Reyd tadbiri. Qoidabuzarlarga chora koʻrildi
2024-07-08 15:00:00 / Yangiliklar

Urganch shahri hududida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida navbatdagi «Nazorat» reyd tadbiri oʻtkazildi. Bunda asosiy eʼtibor qoʻpol qoidabuzarlik holatlarini aniqlashga qaratildi.
Viloyat IIB JXX YHXB hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan bir kunlik reyd tadbiri davomida yoʻl harakati bilan bogʻliq boʻlgan 791 ta qoidabuzarlik aniqlandi.
Shundan 161 nafar haydovchi transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargan, 6 nafari YPX inspektorlarining qonuniy talabini bajarmagan, 7 nafari transport vositasi oynalari tusini oʻzgartirgan. Eng achinarlisi, 8 nafar haydovchi oʻzi va oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻyib, transport vositasini mast holda boshqargan.
Tadbir davomida qoidabuzarlarga tegishli 244 ta avtotransport vositasi belgilangan tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha haydovchilarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Haydovchilarning transport vositalarini spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda boshqarayotgani, tezlikni meʼyor talablaridan oshirishi, svetofor ishoralariga rioya etmasligi yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda, — deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta mutaxassisi, kapitan Shavkat Bobojonov. — Shu bois bunday noxush holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida mahallalarda, korxona va tashkilotlarda, dam olish oromgohlarida koʻplab profilaktik tadbirlar oʻtkazilyapti, targʻibot materiallari tarqatilmoqda.
Reyd tadbiri davomida viloyat IIB JXX YHXB tomonidan tashkil etilgan «Targʻibot avtokarvoni» shaharning aholi gavjum hududlari boʻylab harakatlanib, koʻrgazmali materiallar, yoʻl-transport hodisasiga uchragan avtomobillar orqali targʻibot ishlarini davom ettirishdi.
Bu kabi reyd tadbirlari viloyatning barcha shahar-tuman hududlarida davom etmoqda.
©️ «Postda» gazetasi, Xudoybergan Jabborov, Xorazm viloyati.
