Buxoro viloyati IIB boshligʻi Shofirkon tumanida oʻrganishlar olib borib, Gʻijduvon tumanida bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
2024-07-03 11:55:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov bugun, Shofirkon tumanining “Shibirgʻon” mahallasida boʻlib, yangidan qurilayotgan mahalla binosi, tikuvchilik sexi va profilaktika inspektorining xizmat uyida amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Jarayonda, yangidan qad rostlayotgan inshootlarni zamon talablari asosida, mahalla vakillari hamda hudud aholisi foydalanishi uchun qulay tarzda, tez va yuqori sifat asosida qurib foydalanishga topshirish borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berdi.
Gʻijduvon tumani “Koʻlijabbor” mahallasida boʻlib, tuman sektor rahbarlari, taalluqli masʼullar hamda mahalla yettiligi hamrohligida hududda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarining borishi, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan oʻrganishlar olib bordi.
Boshqarma boshligʻi dastlab, mahallada tashkil etilgan viloyat 3-sektor shtabida masʼullar bilan amalga oshirilayotgan ishlarni birma-bir muhokama qildi.
Shundan soʻng, mahalladagi 52-son umumiy oʻrta taʼlim maktab hududida barpo etilayotgan sport maydoni, yoʻl harakati xavfsizligi mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan mashq maydonchasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Keyingi manzil hududdagi 45-son maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi. Bu yerda ham masʼullarga muassasa faoliyatini yaxshilash, bolajonlar uchun munosib shart-sharoitlarni yaratib berish, boʻsh yer maydonlaridan unumli foydalanish yuzasidan bir qator tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yangidan barpo etilayotgan mahalla binosida olib borilayotgan soʻnggi pardozlash, tozalash va obodonlashtirish ishlari ham koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar yakunida kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, elektr taʼminoti, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini yaxshilash borasida masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.
Bu kabi oʻrganishlar davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati





