Ichki ishlar organlari tizimida raqamlashtirish jarayonlari takomillashib bormoqda: raqamli yechimlar va zamonaviy boshqaruv usullari joriy etilmoqda
2026-04-02 18:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini oʻrganish maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov tomonidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati binosida masʼullarning taqdimoti bilan tanishildi.
Taqdimotda Raqamli qoʻriqlash platformasining yangi tashkil etilgan modullari namoyish etildi, shuningdek turli obyektlarni va xonadonlarni qoʻriqlovga olish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida sohani raqamlashtirish hamda jamoat xavfsizligini ishonchli muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlar koʻrib oʻtildi.
Shu bilan birga, aholi koʻp toʻplanadigan joylarda qoʻriqlash xizmati turlarini targʻib etish maqsadida tashkil etilgan “Security Office” xizmat koʻrsatish ofisi faoliyati taqdimoti oʻtkazildi. Ofisda aholining xizmat turlaridan keng maʼlumot olishlari imkoniyati yaratilgan boʻlib, bu orqali xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish imkoniyati yaratildi.
Tadbirda ichki ishlar organlarida raqamlashtirish jarayonlari oʻrganildi. Jumladan tizimda joriy etilgan axborot tizimlari, aholiga xizmat koʻrsatishda inson omilini kamaytirishga qaratilgan dasturiy taʼminot, videokuzatuv tarmoqlari, avtomatlashtirilgan nazorat va monitoring platformalari amalda qanday ishlayotgani namoyish etildi.
Jarayonda, masʼullarga raqamli texnologiyalarni yanada kengaytirish, on-layn xizmatlar sonini va xizmat samaradorligini oshirish, nomzodlarni tanlash faoliyatini raqamlashtirish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi va ularni ragʻbatlantirish mexanizmlari yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.






