Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi Sirdaryoda «Intizom oyligi» doirasida oʻrganish ishlarini olib bordi
2024-06-25 13:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedovning reja topshirigʻiga asosan Sirdaryo viloyatida Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti ishchi guruhi masʼul xodimlari tomonidan hududiy ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash, taʼlim jarayonini tashkil etish, shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar tayyorgarligi jamoalardagi maʼnaviy-ruhiy muhit barqarorligini taʼminlash, soha xodimlariga xizmat samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy va uslubiy yordam berishga qaratilgan oʻrganishlar olib bordi.
Oʻrganishlar davomida, Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 10-may kunidagi hamda Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining 2024-yil 30-may kunidagi ichki ishlar organlarida joriy yilning 1-iyun kunidan 30-iyun kuniga qadar «Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi»ni oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishlari ijrosi yuzasidan viloyat IIB shaxsiy tarkibi bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Koʻlami keng yigʻilishda Sirdaryo viloyat IIB xodimlari oʻrtasida xizmat intizomi, qonunchilikka rioya etish, korrupsiya va tamagirlikning har qanday koʻrinishini oldini olish, mamlakatimizda korrupsion jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashish borasida ishtirokchilarga atroflicha tushunchalar berildi.
Fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasbiy muomala madaniyatiga rioya qilgan holda har qanday vaziyatda ham «Ichki ishlar organlari xodimi»- degan yuksak nomga munosib boʻlish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqmaslik, salbiy holatlar sodir etmaslik, shu bilan birga xodimlarga korrupsion turdagi jinoyatlarga undash yoki taklif boʻlganda masʼul rahbarlarga bildirgi bilan murojaat qilishlari lozimligi yana bir bor eslatildi. Tadbirda xizmat vazifalarini vijdonan va halol bajarib, korrupsion takliflarni rad etgan xodimlar muntazam ragʻbatlantirib kelinayotgani qayd etildi.
Shuningdek, IIV ishchi guruhi tomonidan vazirlik viloyat Ichki ishlar organlarida xodimlarni faoliyat olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









