Sulola. Qurbonboy ota yoqqan mashʼala
2024-06-10 16:15:00 / Yangiliklar

Isteʼfodagi podpolkovnik Qurbonboy Tangirberdiyev yoqqan mashʼala hali hanuz farzandlari va nabiralari tomonidan estafeta sifatida qoʻldan-qoʻlga oʻtib kelmoqda. Uning oʻgʻli qariyb qirq yil sohada xizmat qilgan isteʼfodagi polkovnik Sultonboy Tangirberdiyevning hayot yoʻli va faoliyati esa haqiqiy ibrat namunasi. Nabiralari isteʼfodagi podpolkovnik Akmaljon Tangirberdiyev, mayor Bobur Tangriberdiyev va IIV Akademiyasi kursanti Qurbonboy Tangriberdiyev sulolaning davomchilaridir.
Qatagʻon qilichining zahri
Qurbonboy 1926-yilda Bogʻot tumanida tugʻilgan. Oʻn toʻrt yoshidan oilasi tirikchiligini taʼminlash maqsadida qishloqdagi jamoa xoʻjaligida kotib, hisobchi yordamchisi boʻlib ishlagan. Harbiy xizmatdan soʻng Turkiston harbiy okrugining yoʻllanmasi bilan Qirgʻizistonga borib, Frunze shahar IIBda 15-yil davomida xizmat qilgan. Bir paytning oʻzida Olma-ota oʻrta maxsus militsiya maktabini ham tamomlagan.
Xolisxon aya bilan turmush qurib, uch qiz va toʻrt oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. 1965-yilda esa uni oʻzi tugʻilib oʻsgan Xorazmga yuborishadi. Dastlab viloyat IIBda, soʻngra Urganch shahar IIBda jinoyat qidiruv boʻlinmasi va Qoʻshkoʻpir, Hazorasp tumani IIBlariga rahbarlik qildi. Oʻnlab shogirdlarni tarbiyalab, ustoz maqomiga erishdi.
Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida oʻzbek xalqining boshiga qora bulutdek yopirilgan gdlyanchilarning tazyigʻiga oʻshanda Hazorasp tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Qurbonboy Tangirberdiyev va uning hamkasblari ham uchragan. Markazdan yuborilgan tergovchilarning asossiz ravishda oʻtkazgan ruhiy va jismoniy tazyigʻ-u haqoratlari uning salomatligiga jiddiy taʼsir qiladi. Pensiyaga chiqqanidan bir oy oʻtib, oʻtkir yurak xuruji tufayli vafot etadi.
Haqiqiy ibrat namunasi
Otasining yoʻlini Sultonboy davom ettirdi. U haqiqiy oʻzbek oʻgʻloni, yoshlik shijoati va gʻayrati joʻsh urib turgan yigit, ichki ishlari organlari xodimi boʻlish maqsadida Leningraddagi IIV Oliy siyosiy bilim yurti, keyinchalik esa IIV Harbiy-siyosiy akademiyasida tahsil oladi. Bir necha yil oʻz yurtidan uzoqda xizmat qilgach, istiqlolning ilk davridayoq Oʻzbekistonga qaytadi va keyingi faoliyati ona Vatanida oʻtadi.
Bir muddat IIV Ichki qoʻshinlari boshqarmasida, soʻngra vazirlik Akademiyasida kafedra boshligʻi, saf qismi boshligʻining oʻrinbosari, kunduzgi bakalavriat kurs boshligʻi sifatida samarali xizmat qildi. 2004-yilda Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga S. Tangirberdiyev boshliq etib tayinlanadi.
Endigina tashkil etilgan kurslarda hali oʻquv adabiyotlari yetarli emas edi. U shu sohaning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda kechayu kunduz izlanish olib borib, huquqiy va uslubiy adabiyotlar tayyorlab, oʻquv-metodik bazani shakllantirishda jonbozlik koʻrsatdi. Bu esa kelgusida respublika ichki ishlar organlariga yetuk mutaxassislar yetkazib berishda oʻziga xos zamin boʻlib xizmat qilgani ayni haqiqat. Oʻsha yillari soha rivoji va ichki ishlar organlariga mutaxassislar tayyorlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.
Qahramonimiz 10-yil mobaynida mingdan ziyod kadrlarni tayyorlashda oʻz hissasini qoʻshdi va 2014-yilda ushbu lavozimdan izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi. Hozirda uning shogirdlari nafaqat IIV Akademiyasi va Malaka oshirish institutida, balki respublikamiz va xorijdagi ichki ishlar organlarida masʼul lavozimlarda xizmat qilishmoqda.
Hamkasblari va shogirdlarining xotirlashicha, S. Tangirberdiyev oʻz kasbining ustasi hamda bilimdoni boʻlishdan tashqari, yugurishda ham, toʻsinda tortilishda ham barchani lol qoldirgan. Yurish-turishi, tartib bilan kiyinishi va muomala madaniyati, muntazam intizomga va ozodalikka rioya qilishi uning salobatini yanada oshirardi. Talabchan va qattiqqoʻl, toʻgʻrisoʻz, adolat tarafdori hamda vaʼdasining ustidan chiqadigan qatʼiyatli rahbar boʻlish bilan bir qatorda, sofdil va mehribon, har bir soʻzni oʻz oʻrnida ishlatadigan inson ekanligi ham uning oʻziga xos fazilatlaridan edi.
— Bizning tanishishimiz 1979—80-yillarga borib taqaladi, deydi isteʼfodagi polkovnik Ibrohim Mahmudov. Shu yillari men Rossiyaning Elista shahridagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchimni oʻtayotgan edim. S. Tangirberdiyev rota komandirining oʻrinbosari edi. Shu yerda u men bilan qiziqib qolgan va oʻqishim kerakligini aytib, Vladikavkazdagi harbiy bilim yurtida tahsil olishim uchun yoʻllanma olishimga yordam bergan. Shundan soʻng ancha vaqtlar oʻtdi. Men Andijondagi IIV Ichki qoʻshinlarga qarashli batalyonda komandir oʻrinbosari boʻlib xizmat qilayotganimda Sultonboy aka xizmat safari bilan borib qoldi. Shu yerda yana uchrashdik va bu keyingi birgalikdagi faoliyatimizga poydevor boʻldi. S. Tangirberdiyev IIV IQB 7345-sonli harbiy qism komandiri edi. Uning tavsiyasiga koʻra, men ushbu harbiy qism komandirining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandim. Keyin Sultonboy aka bilan IIV Akademiyasida 2006-2012-yillarda birga xizmat qildik. Ham qadrdon doʻstim, ham ustozim boʻlgan bu qalbi daryo insondan ham hayotiy, ham sohaga oid koʻp narsalarni oʻrgandim.
S. Tangirberdiyev pensiyaga kuzatilganidan soʻng Bektemir tumanidagi «Chilon Lubricants» MCHJga rahbarlik qildi. Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalgach, ijtimoiy himoya birinchi oʻringa chiqdi. Shunda respublika miqyosida hukumat tomonidan olib borilgan saʼy-harakatlarga koʻmak boʻlish maqsadida ushbu MCHJ tumandagi 50 nafar oilani otaliqqa olib, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa kerakli narsalar bilan taʼminlashda hamda vaqtincha tashkil etilayotgan «COVID» markazlarini qurish va kerakli anjomlar bilan taʼminlashda jonbozlik koʻrsatdi. Afsus, ushbu davrda Sultonboy akaning oʻzi ham koronavirusga chalinib, xastalikdan vafot etdi. Vafotidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan, «Mehr-saxovat» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Estafeta davomchilari
Sultonboy aka turmush oʻrtogʻi Lobar opa bilan uch farzandni voyaga yetkazishdi. Ular orasidan oʻgʻli isteʼfodagi podpolkovnik Akmaljon Tangirberdiyev ham sulola davomchisi sifatida uzoq yillar IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti huzuridagi Tergov boshqarmasida xizmat qildi.
Sohani tanlashimda hayotini yaxshiliklarga, xayrli va savob ishlarga baxshida etgan, oʻzidan yaxshi nom va iz qoldirishga harakat qilgan bobom hamda otamning oʻrni alohida boʻlgan, deydi A. Tangirberdiyev. Chuqur bilim va malaka talab qiluvchi tergov yoʻnalishida faoliyat yuritishimda ham otamning nasihatlari qoʻl kelgan. Ogʻir, vazmin va mulohazali boʻlgan otamning har bir oʻgiti hayotda oʻz oʻrnimizni topishimizda mustahkam zamin boʻlgan.
Ayni kunda Qurbonboy otaning yana bir farzandi Ulugʻbek akaning oʻgʻli mayor Bobur Tangriberdiyev Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida tergovchi. Yaxshi niyat bilan bobosining ismi qoʻyilgan yana bir sulola davomchisi Qurbonboy Tangriberdiyev IIV Akademiyasida tahsil olmoqda.
Sarvar Sobirov, oʻz muxbirimiz. «Postda»