“Chilonzor tajribasi”ni yaratish. Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining Navoiy viloyatidagi oʻrganishlarining ikkinchi kun tafsiloti
2026-02-18 09:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Nematjonovich Sattorov tomonidan Navoiy viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish maqsadida oʻrganishlar olib borildi. Oʻrganishlar davomida bir nechta mahalla va obyektlar koʻzdan kechirilib, kriminogen vaziyatni yaxshilash boʻyicha bir qator muhim koʻrsatmalar berildi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida oʻtkazilgan yigʻilishda Prezidentimizning joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi, hududda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahlil qilindi.
Jumladan sodir etilgan jinoyatlar va kelib chiqish omillari, ularni oldini olish borasidagi chora-tadbirlar muhokama qilinib, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Xodimlar orasida xizmat-intizomi va qonunchilikka rioya qilinishini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida urgʻu berildi.
Shundan soʻng, Karmana tumani “Yangi ariq” mahallasidagi oʻrganishlar davom ettirilib, aholi istiqomat qiluvchi ushbu hududda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarni erta aniqlash maqsadida Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, poytaxtda sinovdan oʻtgan “Chilonzor tajribasi”ni keng joriy etish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Xususan, mahallaning “Yoʻl xaritasi”ni qayta koʻrib chiqish, ishsiz aholi bandligini taʼminlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha masʼullarga aniq muddatli topshiriqlar belgilab berildi.
Tashrif yakunida vazir oʻrinbosari IIV Navoiy akademik litseyida boʻlib bir guruh oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashdi. Suhbat davomida ular tomonidan qoʻlga kiritgan yutuqlar, mazkur taʼlim dargohida taʼlim va tarbiya olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda taʼlim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Masʼullarga litsey oʻquvchilarining taʼlim olish sifatini yanada oshirish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan amalga oshirilgan 2-kunlik oʻrganishlar natijasiga koʻra aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatlarda bartaraf etish va berilgan topshiriqlar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash uchun masʼullar biriktirildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati









