Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida viloyatdagi mavjud 13 ta “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar yettilik vakillari bilan oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi
2024-06-06 19:35:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyatimizni kambagʻallik, ishsizlik va jinoyatdan holi hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda “Buxoro tajribasi”ni yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Ushbu topshiriqlarga asosan, Davlat boshqaruvi akademiyasining tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 13 ta “mahalla yettiligi” oʻqitilmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura Akademiyasi va Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining professor-oʻqituvchilari tomonidan viloyatimizda jinoyatchilik oshgan “qizil toifa”dagi 41 ta “mahalla yettiligi”ni oʻqitish ham belgilangan.
Mazkur dastur asosida bugun, 6-may kuni Gʻijduvon tumanida viloyatdagi mavjud 13 ta “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar yettilik vakillari bilan oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi.
Seminarda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov, Davlat boshqaruvi Akademiyasi professor oʻqituvchilari Aktam Xolov va Shavkat Asadovlar, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi Murodjon Umarov, oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, prorektorlari va professor-oʻqituvchilari hamda 13 ta “qizil” toifadagi mahallar yettilik vakillari ishtirok etishdi.
Oʻquv seminarida soʻz olgan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov mahallani xavfsiz va jinoyatdan holi hududga aylantirish borasida ayrim mahallalarda mahalla yettiligining roli sezilmayotganligini, jinoyatlarni jilovlash yoʻllarini hali koʻpchilik tushunib yetmaganini, tushunib yetganlarida ham loqaydlik va tashabbuskorlik yoʻqligi kuzatilayotganini aytib, har bir mahalla yettiligi huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan aholining 30 foizi bilan manzilli ishlasa, mahallada jinoyat boʻlmasligini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor oʻqituvchilari tomonidan mavzu yuzasidan maʼruzalar qilinib, mahallalarda ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy qoʻllanmalar boʻyicha batafsil tushunchalar berib, mazkur yoʻnalishda natijadorlikka erishishning yoʻllari yuzasidan bir qator tavsiyalarini taqdim etishdi.
Bu kabi oʻquv-amaliy seminarlari Buxoro viloyatining barcha shahar-tumanlari boʻylab davom etmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



