Qashqadaryo viloyati IIBda «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi viloyat boʻlimi xodimlari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi
2024-06-05 09:00:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati IIBda boshqarma rahbariyati, tarkibiy boʻlimlar, faxriylar, korrupsiya jinoyatini fosh etgan bir guruh xodimlar, ularning ota-onalari hamda «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi viloyat boʻlimi xodimlari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik З.Хўжанов ochdi.
Tadbirda korrupsiya holatlariga murosasiz ruhda boʻlgan va pora berish jinoyatini fosh etgani uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari ragʻbatlantirilib, ularning ota-onalariga «Tashakkurnoma»lar berildi.
«Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi viloyat boʻlimi raisi Shaxnoza Raupova tadbirda soʻzga chiqib, bola huquqlari deganda irqi, jinsi, tili, dini, tugʻilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har bir bola ega boʻlishi kerak boʻlgan huquq va erkinliklar tushuniladi. Xalqaro huquq normalarida 18 yoshga toʻlmaganlarning barchasi bola deb tan olinganini bildirdi.
Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, bola huquqlari va uning kafolatlarining huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida»gi, «Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida»gi qonunlar hamda boshqa bir qator qonun hujjatlarida oʻz aksini topganligini taʼkidladi.
Eng muhimi, Konstitutsiyaga «Oila, bolalar, yoshlar» deb nomlangan yangi bob kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi.
Bundan tashqari, 2024-yil 29-fevralda «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi.
Qonunga koʻra, Bola huquqlari boʻyicha vakil mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Yakunda ichki ishlar organlarida uzoq yillar sabot bilan samarali xizmat qilgan bir guruh xodimlar nafaqaga kuzatildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati