IIV «JAR» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmir bolalar va qizlar oʻrtasida voleybol sport turi boʻyicha Markaziy Osiyo chempionati – 2024 musobaqasining ochilish marosimi oʻtkazildi
2024-06-04 19:50:00 / Yangiliklar
Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamkorligida joriy yilning 4-10-iyun kunlari Toshkent shahrida joylashgan Ichki ishlar vazirligi «JAR» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmir bolalar va qizlar oʻrtasida voleybol sport turi boʻyicha Markaziy Osiyo chempionati – 2024 oʻtkazilishi belgilangan edi.
Muhtasham sport saroyida mazkur nufuzli musobaqaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi Poʻlat Bobojonov ochib berdi. Yurtimizda bugun sportga qaratilayotgan eʼtibor, ayniqsa jamoaviy sport turlaridan sanalgan voleybolni ommalashtirish, yoshlar oʻrtasida muntazam musobaqalar tashkil etilishi milliy terma jamoa safini iqtidorli sportchilar bilan toʻldirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston respublikasi sport vaziri Adham Ikromov hamda (CAVA) prezidenti Muhammad Latiflar ham soʻzga chiqib Markaziy Osiyoda xususan, Oʻzbekistonda voleybol sport turiga katta eʼtibor qaratilayotgani, yoshlarning iqtidori va salohiyati kun sayin oʻsib borayotganini alohida taʼkidladi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, chempionatda Markaziy Osiyoning 6 mamlakatidan jamoalar ishtirok etishmoqda. Bular Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda mezbon mamlakat Oʻzbekiston. Bellashuvlar 7 kun davomida mazkur JAR sport kompleksida oʻtkaziladi. Boʻlajak uchrashuvlarda musobaqa ishtirokchilari hamda yurtdoshlarimizga omad tilab qolamiz!