IIV Akademiyasi rahbariyati poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Ahillik” mahallasida boʻlib, xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi
2026-02-12 10:00:00 / Yangiliklar

Dastlab mahallaning kriminogen vaziyati hududga biriktirilgan masʼullar, “mahalla yettiligi” xodimlari va akademiya vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyilganiga qaramay, mahalla uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgani, joriy yilda bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilash, aholi uchun jinoyatdan holi muhit yaratish ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng akademiya boshligʻi joriy yil boshidan shu kunga qadar qilingan amaliy chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, oʻrganishlar natijasida mahalla hududida 3 ta “jinoyat oʻchogʻi”, 7 ta huquqbuzarlik sodir etilish xavfi yuqori boʻlgan ovloq joy aniqlangan.
Xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida hududlarga 20 ga yaqin zamonaviy kamera, 3 ta tashvish tugmasi oʻrnatilgan.
Koʻp qavatli uylarning kirish-chiqish eshigiga 15 ta domofon qoʻyilib, koʻcha va yoʻlaklar qoʻshimcha yorituvchi chiroqlar bilan taʼminlangan.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 3 ta qoʻshimcha patrullik yoʻnalishlari tashkil qilinib, jamoat xavfsizligini taʼminlash va profilaktik tadbirlarga akademiya kursantlari ham jalb qilingan.
Muloqot chogʻida oila-turmush doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning oldini olish borasida koʻrilayotgan choralar, ijtimoiy profilaktika va bandlik masalalari ham muhokama qilindi.
Mahalladagi muammolarni ilmiy yondashuvlar asosida tizimli oʻrganib borish orqali har bir masalaning yechimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, choraklik “yoʻl xarita” orqali ularning ijrosini taʼminlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish zarurligi qayd etildi.
Oʻrganishlar yakunida Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash toʻgʻrisidagi qarori asosida qator vazifalar belgilab olindi.
“Mahalla yettiligi”ning masʼuliyatini oshirish, faoliyatini yanada kuchaytirish, aholi oʻrtasida profilaktik va targʻibot tadbirlarini muntazam tashkil etish, yoshlarda jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhimligi aytib oʻtildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








