Toshkent shahrida ichki ishlar va prokuratura organlarida faoliyat yuritayotgan tergov boʻlinmalari xodimlarini oʻqitish, bilim va malakasini oshirishga qaratilgan seminar boʻlib oʻtdi
2026-02-12 10:00:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida oʻtkazildi.
Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari A. Usmanov, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Tergov departamenti boshligʻi R. Ashropov va Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A. Urmanov boshchiligida oʻtkazilgan seminar-mashgʻulotida 2025-yilda sudlar tomonidan chiqarilgan oqlov hukmlari hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 416 (sudlanuvchini yangi ayblov boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda sudning harakatlari) va 417 (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) moddalari tartibidagi ajrimlar tahlili muhokama qilindi.
Oliy sud sudyalari I. Rahmonqulov va E. Turgʻunboyev tomonidan tergov (surishtiruv) organlari xodimlarining eʼtibori oʻz faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarga qaratilib, kelgusida ularni takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tergov va sud jarayonida inson huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarga ogʻishmay amal qilish tergov organlari va sudlarning oldida turgan umumiy asosiy vazifa ekanligi taʼkidlandi.
Mazkur seminarda maʼruzachilar tomonidan berilgan maʼlumotlar yuzasidan qizgʻin muhokamalar oʻtkazildi, berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, tergov sifatini yanada yaxshilash boʻyicha ishtirokchilarning takliflari tinglandi.
Seminar soʻngida bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati



