Xorazm viloyatida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari tanqidiy muhokama qilindi
2026-02-03 19:40:00 / Yangiliklar

Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-190-son qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Yigʻilishda Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimov, Oʻzbekiston Respublikasi IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi polkovnik Sherzod Ibragimov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Abdumajid Shermuxamedov, shuningdek, shahar va tuman hokimlari, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda masʼul xodimlar ishtirok etdi. Shahar-tuman IIB rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari yigʻilishda videoaloqa orqali qatnashdilar.
Muhokamalar davomida 2025-yil davomida viloyat hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari har tomonlama tahlil qilinib, ogʻir oqibatli YTHlar, yoʻl qoplamasi va infratuzilmasidagi kamchiliklar, haydovchilar va piyodalar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar aniq misollar asosida koʻrib chiqildi. Ayniqsa, bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari, ularning kelib chiqish sabablari hamda profilaktika ishlarining samaradorligi masalalari tanqidiy ruhda muhokama etildi.
IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati tomonidan viloyatda harakat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan yoʻl belgilarini oʻrnatish, piyodalar oʻtish joylarini tashkil etish, xavfli uchastkalarda sunʼiy notekisliklar barpo etish, svetoforlarni oʻrnatish hamda aholi oʻrtasida profilaktik tushuntirish ishlarini olib borish holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilmayotgani tanqid ostiga olindi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov yoʻl harakati xavfsizligi masalasi aholi hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishda ustuvor ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, barcha mutasaddi tashkilotlar oʻzaro hamkorlikda, tizimli va samarali ish olib borishi zarurligini qayd etdi.
Yigʻilish yakunida aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish, PQ-190-son qaror ijrosini toʻliq taʼminlash boʻyicha masʼul rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi belgilandi.









