Tergovni bilimdonlar olib boradi. «Yoʻlchirogʻim — haqiqat, qarorim — adolat»
2026-01-26 17:00:00 / Yangiliklar

Tergov harakatlarini olib borish huquqiy bilim, teran mushohada, tahlil va odil xulosa bilan birga sabr-toqat, hissiyotni idora qilish va ruhiy barqarorlik talab qiladi. Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergov va surishtiruv faoliyatini tashkil etish boʻlimi oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchisi, «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi, podpolkovnik Dilfuza Egamova ana shunday fazilatlari tufayli murakkab sinovlardan oʻtib, hamkasblari orasida oʻz oʻrnini topdi, hurmat va eʼtibor qozondi.
2007-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan lavhamiz qahramoni ishni vijdonan bajarishni, fuqaro taqdiriga qonun doirasida yondashishni oʻziga mezon va hayotiy maqsad qilib olgan. Jinoyatlarni fosh etishda hujjatlarda aniqlikka, dalillarni tizimli yigʻishga, qarorlarni huquqiy asos bilan qabul qilishga alohida eʼtibor qaratadi. Uning kasbiy yutuqlari faqat ish natijalari bilan emas, balki insonlarga boʻlgan munosabatda ham namoyon boʻladi. U har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini yaxshi anglaydi.
- Podpolkovnik Dilfuza Egamova sohaviy va mintaqaviy nazoratni puxta amalga oshirib, dastlabki tergovni tashkil etish borasida uslubiy-amaliy yordam koʻrsatib, mazkur boʻlinmalar ish samaradorligini oshirishda faol ishtirok etyapti. Jinoyat ishlarini tugatishning asosliligini oʻrganib, ularning qonuniyligi boʻyicha xulosalar qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda, — deydi viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Komiljon Gaffarov.
Uning otasi isteʼfodagi polkovnik Rabbimqul Egamov, onasi Nazokat opa shunday qizlari bilan faxrlanishadi.
- Yoʻlchirogʻim — haqiqat, qarorim — adolat. Yaxshi niyat va yaxshi orzu inson taqdiriga taʼsir etadi. Shuning uchun har doim ezgu niyat qilaman, yoʻldan adashganlarga ham niyatni toʻgʻri qiling, xayrli ishlarni, amallarni orzu qiling deyman. Har bir ishga adolat va vijdon bilan yondashaman. Chunki ertaga vijdonimning soʻrogʻidan uyalib qolmasligim kerak deydi, — Dilfuza Egamova.
Lavhamiz qahramoni viloyat IIB xotin-qizlar kengashining huquqiy targʻibot masalalari boʻyicha aʼzosi. Oʻtgan yillar davomida orttirgan boy tajribasi va bilimlarini yosh xodimlarga qunt bilan oʻrgatib, xizmat koʻnikmalarini hosil qilishda yordam berib kelmoqda.
Umida Mamadaliyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Samarqand viloyati
