Qoʻshqanotlar. Xizmatda baxtini topganlar
2024-05-21 21:30:00 / Yangiliklar

Adolat bolalikdan tengqurlari orasida chayirligi va chaqqonligi bilan ajralib turardi. Shu boismi, milliy kurashga mehr qoʻydi, Koson tumani Guvalak qishlogʻidagi “Guvalak” sport majmuasida ushbu sport turi bilan shugʻullana boshladi. Bir necha bor oʻsmir qizlar oʻrtasidagi musobaqalarda dastlab viloyat, keyinchalik respublika miqyosida ham gʻolib boʻldi.
2003-yilda u IIV Akademiyasiga imtiyozli ravishda kursantlikka qabul qilindi. Oʻqish davomida ham respublika va xalqaro sport musobaqalarida gʻalaba qozonib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtardi. Oliy taʼlim muassasasini bitirgach esa, ilk xizmat faoliyatini Qashqadaryo viloyati IIB EKB ekspertligidan boshladi. Xizmat davomida voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar ustida tadqiqotlar oʻtkazib, jinoyatlarni fosh etishga munosib hissa qoʻshdi.
Oʻtgan yillar suroni katta leytenant Adolat Begimovaning umr yoʻlini viloyat IIB Axborot markazi inspektori, serjant Alijon Mahmudov bilan tutash- tirdi. 2011-yilda ularning nikoh toʻyi boʻlib oʻtdi. Er-xotin qoʻshqanotlar oʻtgan davrda el osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatlarning ol- dini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida samarali xizmat qilishmoqda.
Keyingi yillarda podpolkovnik Adolat Begimova xizmatni Qarshi shahar IIOFMB katta inspektori lavozimida davom ettirdi. Oilaviy nizolarga duch keldi, ayollarga tazyiq oʻtkazish, oiladagi masʼuliyatni his qilmaslik kabi koʻplab holatlarni bartaraf etishda fidoyilik koʻrsatdi. Hozirda podpolkovnik A. Begimova Qarshi tumani IIB huquqiy statistika guruhi katta mutaxassisi lavozimida xizmat qilmoqda.
Leytenant Alijon Mahmudov esa 2022-yili IIV Akademiyasi sirtqi taʼlimini tamomladi. Ayni paytda u viloyat IIB huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar boʻlimi katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda.
Alijon Mahmudov va Adolat Begimova Qarshi shahrida istiqomat qiladi. Koʻp qavatli uydagi zamonaviy xonadon kechki payt 3 nafar farzandning chugʻur-chugʻuriga toʻladi. Bolalardan biri otasining, boshqasi onasining bosh kiyimini kiyib, harbiy harakatlarni amal- ga oshiradi. Xizmatda baxtini topgan bu oiladan kelgusida Vatanga, kasbiga sodiq boʻlajak ichki ishlar organlari xodimlari yetishib chiqishiga ishonamiz.
Sodiq Rahimov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qashqadaryo viloyati
