Ayol va jamiyat. Eʼtirof etilgan xizmat
2026-01-12 23:00:00 / Yangiliklar

Farzand tarbiyasi, uy yumushlaridan ortib qaysidir sohada yutuqqa erishishi ayolning katta bilim va kuchli iroda sohibi ekanligidan dalolat. Shu maʼnoda, zamonaviy ayolni nafaqat sadoqat timsoli, balki el-yurt tinchligining posboni sifatida ham qadrlaymiz. Kasbiga sadoqatli shunday dilbar ayollardan biri Buxoro shahar IIO FMB 3-sonli IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, kapitan Dilnoza Ashurovadir.
D. Ashurova xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga koʻmak berish, oilaviy ajrimlarni kamaytirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratib kelyapti.
Shu maqsadda davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Xususan, mahallalarda oʻtkazilayotgan uchrashuvlarda hamda uyma-uy yurib, xotin-qizlar muammolarini oʻrganishda ancha faol. Lavhamiz qahramoni 2 ta oʻgʻrilik va giyohvandlik vositasi bilan bogʻliq jinoyatni “issiq izida” fosh etdi, 2 nafar bedarak yoʻqolgan xotin-qizni oilasiga qaytardi.
Shuningdek, 40 nafar probatsiya hisobida turuvchi hamda 100 nafardan ortiq jinoyat sodir qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlar bilan doimiy ravishda profilaktik ishlarni amalga oshirdi. Natijada unga biriktirilgan mahallalarda ayollar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarlik holatlari keskin kamayishiga erishdi.
Bundan tashqari, oila-turmush doirasida sodir etilgan tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyat va huquqbuzarlik holatlarini mahallalarda oʻz vaqtida muhokama qilib kelyapti. Ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, uzoq muddatga ketganlarning farzandlari bilan ishlash, xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning oilalari va farzandlari bilan ishlash, qolaversa, moddiy jihatdan qiynalgan, ajrashish yoqasiga kelib qolgan, muammoli oilalar bilan profilaktik tadbirlarni olib borish orqali ayollarni har tomonlama himoya qilish ham kapitan D. Ashurovaning diqqat markazida turadi.
Taʼkidlash joizki, Dilnoza oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashish bilan birga, ikki yosh ayol xodimga xizmatning sir-asrorlari, oʻziga xos tomonlari, murakkabliklari haqida batafsil tushunchalar berib, murabbiylik vazifasini aʼlo darajada bajarmoqda.
Lavhamiz qahramoni hech qachon vaqtini behuda oʻtkazmaydi, boʻsh paytlarida badiiy asarlar mutolaa qiladi. Oilada esa mehribon va talabchan ona sifatida farzandlari tarbiyasiga alohida masʼuliyat bilan yondashadi. Turmush oʻrtogʻi Aziz Turdiyev uning yurt tinchligi yoʻlidagi fidoyiligini qadrlaydi va qoʻllab-quvvatlaydi.
Qisqasi, xizmatlarda toblanib borayotgan D. Ashurova oʻzining halol xizmati, erishayotgan natijalari tufayli deyarli har yil yakunlari va turli bayramlar munosabati bilan rahbariyat tomonidan ragʻbatlantirib kelinmoqda.
Oʻtgan yil yakuni boʻyicha viloyatda oʻtkazilgan “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovida faxrli birinchi oʻrinni egallagani ham fikrimiz isboti boʻla oladi.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.
