Kasbim faxrim. Eng oliy burch
2026-01-11 08:00:00 / Yangiliklar

Yigit kishi uchun Vatan tinchligi va yurt osoyishtaligini asrashdan ulugʻ masʼuliyat boʻlmasa kerak. Bu tushuncha mening ongimga bolaligimdan singib kelgan. Chunki otam Qudratbek Komiljonov uzoq yillar davomida harbiy qismda xizmat qilib, el-yurt xavfsizligini taʼminlashni oʻz hayotining mazmuniga aylantirgan inson edi. Uning xizmatga boʻlgan sadoqati, intizomi va Vatanga muhabbati men uchun doim ibrat boʻlib keldi.
Shu bois el tinchligini qoʻriqlashga qaratilgan kasbni tanlash men uchun tasodif emas, balki ongli qaror boʻldi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida tahsil oldim. Bu dargohda nafaqat huquqiy bilim, balki inson taqdiri, jamiyat barqarorligi va fuqarolar bilan ishlash madaniyatiga oid muhim saboqlarni oldim. Akademiyani 2023-yilda tamomlab, Andijon tumanidagi «Kengash» mahalla fuqarolar yigʻiniga profilaktika inspektori etib tayinlandim. Shundan buyon ushbu mahalla aholisining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash mening kundalik xizmat burchimga aylandi.
«Kengash» MFY tumanning eng chekka hududlaridan biri hisoblansa-da, u oʻzining tartib-intizomi va aholining hamjihatligi bilan ajralib turadi. Mahallada salkam 4 ming nafar fuqaro istiqomat qiladi. Bunday katta hududda osoyishtalikni saqlash oson ish emas. Lekin tizimli yondashuv, aholi bilan yaqin muloqot va har bir oilaning holatini bilish orqali barqaror muhit yaratish mumkinligini amalda isbotlashga harakat qilmoqdaman. Buning natijasida oʻtgan yil davomida hududda birorta jinoyat sodir etilmadi.
Bu tasodifan qoʻlga kiritilgani yoʻq. Avvalo, har bir xonadonga kirib, fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazildi. Oilalarning turmush sharoiti, iqtisodiy ahvoli, oʻzaro munosabatlari oʻrganildi. Chunki jinoyatlarning ildizi koʻp hollarda oiladagi muhit, ishsizlik yoki ijtimoiy muammolar bilan bogʻliq boʻladi. Ana shu holatlarni barvaqt aniqlash orqali muammoni uning ildizidayoq bartaraf etish mumkin. Shu asosda aholini ish bilan taʼminlash, kreditga yoʻnaltirish, tadbirkorlikka jalb etish kabi ishlar yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda ichkilikka moyil, janjalkash oilalar va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 10 nafar fuqaro bilan yakka tartibda ish olib borilmoqda. Ular bilan muntazam suhbatlar oʻtkazib, hayotga boʻlgan qarashini oʻzgartirish, jamiyatga qayta moslashishida amaliy koʻmak berilyapti.
Mening xizmatdagi oʻy-fikrlarim, rejalarim baʼzan oiladagi muhitga ham koʻchadi. Boisi, turmush oʻrtogʻim katta leytenant Rahimaxon Joʻraboyeva Andijon shahar IIB tergovchisi vazifasida faoliyat olib boradi. Bu esa zimmamizga yuklatilgan vazifaning ijobiy ijrosini taʼminlashimizda qoʻl keladi. Har bir ishni maslahatlashgan holda amalga oshiramiz.
Tan olish kerak, avvallari ichki ishlar organlari xodimlariga boʻlgan havasim bir tomonlama boʻlgan. Ularning egnidagi xizmat libosi, xulq-atvoridagi salobatlilik koʻproq eʼtiborimni tortgan edi. Bugun esa bu kasb egalari zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklatilganligini, har bir fikri, har bir qadamida insonlar taqdiri, hudud osoyishtaligi mujassam ekanligini yurakdan his etaman. Ana shu masʼuliyat meni bugun kechagidan, ertaga esa bugungidan-da faolroq xizmat qilishga undaydi.
Izzatbek YOQUBJONOV, Andijon tumanidagi «Kengash» MFY profilaktika inspektori, katta leytenant.
