“Xavfsiz va sogʻlom yurt”. Buzoqning yugurgani somonxonagacha
2026-01-09 08:30:00 / Yangiliklar

Chust tumanining «Dehqonobod» mahallasida yashovchi U.T. ismli shaxs Norin tumanida istiqomat qiluvchi T.F. ga 1 gektar yer maydonini sotishni taklif etdi va bu uchun 8500 AQSH dollari soʻradi.
T.F. esa bu taklifni qabul qilib, U.T. ga avvaliga 5000 AQSH dollarini, keyinchalik qolgan pulni toʻlashga kelishadi. Biroq bu firibgarlik rejasi amalga oshmadi. Namangan viloyati IIB xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomi-da, T.F.dan pulni olish jarayonida U.T. qoʻlga olindi.
Mamlakatimizda xavfsizlik masalasi bugungi kunda nafaqat davlat, balki jamiyatning ham eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aholi oʻrtasida jinoyatchilikni kamaytirish va jamiyatni salbiy omillardan himoya qilish uchun koʻplab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Namangan viloyatida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida muhim natijalarga erishildi. Xususan, Toʻraqoʻrgʻon, Mingbuloq, Chust va Davlatobod tumanlarida giyohvandlik moddalarini savdoga qoʻygan shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
«Xavfsiz va sogʻlom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirlari nafaqat jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, balki fuqarolarni huquqiy himoya qilishga qaratilgan muhim choralardir. Bu tadbirlarning samarali oʻtkazilishi viloyat aholisining jinoyatga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshiradi va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
