Kasb fidoyisi. Yoshlar taqdiri uchun masʼullik
2026-01-05 07:35:00 / Yangiliklar

Bugun yosh avlod tarbiyasi, ularni turli yot taʼsirlardan asrash, jinoyat va huquqbuzarlik yoʻliga kirib qolishining oldini olish — har bir masʼul idora va xodimning burchiga aylangan. Shu maʼnoda Chortoq tumani IIB voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektorlari, ayniqsa, ularning kundalik fidokorona faoliyati tahsinga loyiq.
Ushbu xizmat tomonidan tumanda joylashgan 57 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta kasb-hunar maktabida voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan targʻibot va profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Uchrashuvlarda yoshlar bilan ochiq muloqot, qonunbuzarlikning ayanchli oqibatlari haqida taʼsirchan suhbatlar olib borildi. Bu esa oʻz samarasini berib, tumanda voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning kamayishiga erishildi.
Ayniqsa, tuman IIB VY va YBIG katta inspektori, kapitan Rahmatilloxon Sobitxonovning shaxsiy tashabbusi va masʼuliyatli yondashuvi eʼtiborga molik. U nafaqat xizmat vazifasini bajarish, balki har bir bolaning ichki dunyosiga kirib borish, uni tinglash va tushunishga harakat qilmoqda. Tarbiyasi ogʻir boʻlgan 6 nafar oʻquvchi bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazib, ularning qiziqish va isteʼdodlarini oʻrgandi. Natijada ushbu yoshlar axborot texnologiyalari hamda koreys tili boʻyicha oʻquv kurslariga jalb etildi. Bu esa ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, oʻz ustida ishlashga undash yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Shuningdek, kapitan Rahmatilloxon Sobitxonov boshchiligida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida tuman hududida nazoratsiz va qarovsiz yurgan 37 nafar yoshlar aniqlanib, Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga joylashtirildi. Eng quvonarli jihatlardan biri esa bedarak yoʻqolgan 1 nafar voyaga yetmaganning tezkorlik bilan topilib, ota-onasiga sogʻ-salomat topshirilganidir.
- Bola eʼtiborga, mehrga va toʻgʻri yoʻlga muhtoj. Asosiy maqsad — ularni jazolash emas, balki hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish, — deydi lavhamiz qahramoni.
Aytish joizki, bunday insonparvarlikka asoslangan profilaktik ishlar nafaqat huquqbuzarliklarning oldini oladi, balki yoshlar qalbida ishonch, masʼuliyat va kelajakka umid uygʻotadi.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
