Malakali kadrlar - yutuqlar garovi. Hal qiluvchi omil
2025-12-30 07:55:00 / Yangiliklar

Taraqqiyot tezlashgani sari, mutaxassislardan talab ham oshib boraveradi. Malakali kadrlarga ehtiyoj kuchayadi. Ayniqsa, hozirgi tezkor zamonda huquq-tartibot posbonlari sanalmish ichki ishlar organlari xodimlari zimmasidagi masʼuliyat salmogʻi ortmoqda.
2025-yilning oʻtgan davri mobaynida 1262 nafar xodim malaka oshirish, qayta tayyorlash oʻquv kurslarida tahsil oldi. Xizmatga tanlov asosida qabul qilinganlar boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv yigʻiniga jalb qilindi. Shuningdek, 16 nafar xodim rahbarlik lavozimlariga tayinlash, 57 nafar xodim esa safdor va serjantlar tarkibidan ofitserlar tarkibiga oʻtkazish uchun oʻquv kurslarida ishtirok etdi.
Ichki ishlar organida xizmat faqat qonunni bilish bilan cheklanmaydi. U inson psixologiyasini chuqur anglash, murakkab vaziyatlarda tezkor va toʻgʻri qaror qabul qilish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, muloqot madaniyatini egallash, jismoniy bardamlik va ruhiy barqarorlikni saqlash kabi oʻnlab talablarni oʻz ichiga oladi.
Tizimda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida aynan kadrlar salohiyati masalasi turibdi. Inson resurslarini boshqarishning yangi modeli, malaka oshirish kurslari, psixologik tayyorgarlik dasturlari, zamonaviy oʻquv trenajyorlari: bularning barchasi bitta maqsadga — malakali kadrlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Oʻtmishda tajriba yetmasa, kuch yetar edi. Endi esa kuch yetsada, bilim yetarli boʻlmasa, xizmat samaraliligi boʻlmaydi. Davr talabi shunday. Bugungi kunda jinoyatchilikning kamayishi, fuqarolarning huquqiy himoyasi kuchayishi, jamoat xavfsizligining mustahkamlanishi — bular sohadagi kadrlar salohiyatiga tayanadi.
Aytish joizki, Samarqand viloyati IIB tarkibiy va hududiy boʻlinmalarida kadrlar tayyorlash masalasi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻquv mashgʻulotlari saviyasi zamonaviy jarayonlarga mos ravishda oshdi, amaliyot bilan nazariya uygʻunlashtirildi. «Ustoz-shogird» anʼanalari yanada kuchaydi. Uch avlod uchrashuvlar oʻz samarasini beryapti.
Texnologiyalar yuqori suratlarda rivojlanyapti, axborot oqimi tezlashdi. Shunga mos ravishda viloyatda ichki ishlar organlari bugun videotahlillar, maʼlumotlar bazalari integratsiyasi, «Xavfsiz shahar» dasturi bilan faol ishlayapti. Biroq bir narsa oʻzgarmagan. Har qanday zamonaviy texnika va texnologiyalarning boshqaruvchisi inson. Bu jarayonda xodimlardan tajriba, mahorat, bilim, salohiyat talab etiladi.
Har bir tongimiz osoyishta, tunimiz tinch boʻlishi, har bir inson xotirjam uxlashi -bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Buning zamirida oʻz umrini el-yurt tinchlik-osoyishtaligini taʼminlashga bagʻishlagan malakali xodimlarning zahmatli xizmati yotibdi. Ularning kasbiy mahorati jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Mirjalol JAHONGIROV, kapitan, Umida MAMADALIYEVA, oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
