«Nelson Mandela qoidalari» xalqaro oʻquv dasturi asosida oʻquv kursi tashkil etildi
2024-05-11 11:35:00 / Yangiliklar

Yurtimizda inson huquqlari, qadr-qimmati, shaʼni har doim ulugʻ sanalgan. Garchi u bilib bilmay jinoyat sodir etgan, sud hukmi bilan jazoga tortilgan shaxs boʻlsa-da, unga qonun doirasidan chiqib muomala qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Keyingi yillarda mazkur masalaga Prezidentimiz tomonidan yanada jiddiy eʼtibor qaratila boshlandi. Jazoni ijro etish muassasalarida mutasaddi idoralar vakillari monitoring tashriflar oʻtkazishyapti, mahkumlar bilan yakka va umumiy tartibda suhbatlar oʻtkazilmoqda. Qolaversa soha xodimlari bilan qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar, mashgʻulotlar oʻtkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 30-apreldan 3-may kunigacha Toshkent viloyatida «Nelson Mandela qoidalari» xalqaro oʻquv dasturi bilan tanishish boʻyicha oʻquv qoʻllanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini ragʻbatlantirish» mavzusida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha toʻrt kunlik oʻquv kursi tashkil etildi.
Mazkur dastur 2023-2024-yillarga moʻljallangan YEXHT loyihalarini Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha «Yoʻl xaritasi» doirasida oʻtkazildi.
Bundan koʻzlangan maqsad esa Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi JIED tizimidagi muassasalarning masʼul xodimlarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini ragʻbatlantirish boʻyicha xalqaro standartlar bilan tanishtirish boʻldi.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida «Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga bundan buyon ham mutlaqo yoʻl qoʻymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qatʼi nazar, ular uchun jazo muqarrardir», deya taʼkidlagan edilar. Oʻtkazilgan trening ham Prezidentimizning ana shu qatʼiy talablarini amalda tatbiq etishga qaratildi.
Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida tashkil etildi.
Seminarning dastlabki kunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) Inson huquqlari boʻlimi boshligʻi Andrea Xuber, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murod Turgʻunov va boshqalar soʻzga chiqib, mavzu doirasida oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Trening doirasida Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va ushbu qoidalarga kiritilgan oʻzgartirishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga eʼtibor qaratildi. Tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va koʻnikmalarini shakllantirish masalasi alohida diqqat markazida boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda oʻtkazilgan tadbir ishtirokchilar uchun inson huquqlarini taʼminlash, qiynoqlarning oldini olish kabi masalalarda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Trening soʻnggida ishtirokchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati




