Insonparvarlik tamoyili. Afv etilganlar eʼtiborda
2025-12-22 08:10:00 / Yangiliklar

Konstitutsiya kuni arafasida davlatimiz rahbari tomonidan jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 615 nafar fuqaroning afv etilishi ularning hayotiga, oilasiga behad xursandchilik olib kirdi.
Jizzax viloyatidan 24 nafar jazo muddatini oʻtayotgan shaxs mazkur roʻyxatga kiritilib, ularning katta qismi jazodan ozod etilgan boʻlsa, 4 nafarining jazo muddati qisqartirildi.
Hozirgi kunda oʻz xonadoniga yetib kelgan afv etilganlarning yashash sharoiti, muammolari oʻrganilishi boshlab yuborilib, ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tuman-shahar IIBlari boshliqlari ishtirokida qabullar tashkil qilinib, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilishi belgilandi. Shu bilan birga, afv etilganlar hududiy Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik markazlarida roʻyxatga olinib, har biriga mahalla faollari murabbiy sifatida biriktirildi.
Zarbdor tumanida istiqomat qiluvchi ozodlikka chiqarilgan 4 nafar fuqaro bilan tuman va tegishli soha rahbarlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv davomida afv etilgan fuqarolarning hayotga qayta moslashuvi, jamiyatga integratsiyasi, qolaversa, ularni ish bilan taʼminlash, muammolarini oʻrganish va hal etish borasida masʼul tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Mazkur jarayon insonparvarlik siyosatining amaliy ifodasi boʻlib, yaratilgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish, yangi hayot boshlash uchun zamin yaratadi. Afv etilganlarning jinoyat yoʻliga qayta qadam bosmasligi uchun davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ishlar davomli va tizimli tarzda olib boriladi.
Adham SHERMAMATOV, katta leytenant.
Jizzax viloyati.
