Ichki ishlar vazirligi akademiyasida YUNESKO xalqaro tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-05-09 23:20:00 / Yangiliklar

Muloqot chogʻida hamkorlikning bugungi va istiqboldagi yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi. Taʼlim muassasasi rahbari Rustam Xatamov martabali mehmonni qutlab, Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Aytish joizki, YUNESKO Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli tashkilotlaridan biri sanaladi. Uning maqsadi taʼlim, fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga koʻmaklashishdir. Bugungi kunda jahonning 200 ga yaqin davlati, shu jumladan, Oʻzbekiston ham YUNESKO aʼzosi hisoblanadi. Bundan tashqari, 400 dan ortiq xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamgʻarmalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonning YUNESKO bilan koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Kelgusi yilda xalqaro tashkilot Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazishga qaror qilingani ham munosabatlarning yanada rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida YUNESKO vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi samimiy muloqot uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa axborot va matbuot erkinligini kuchaytirish, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini mustahkamlash, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash borasidagi oʻzgarishlarni yuqori baholadi.
Shu kuni tomonlarni qiziqtirgan koʻplab masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, YUNESKO koʻmagi bilan media savodxonlik va axborotdan foydalanish koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan treninglar tashkil etish, professor-oʻqituvchilar va taʼlim oluvchilar uchun oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlash, taʼlim jarayoniga istiqbolli loyihalar va grant mablagʻlarini jalb qilish, IIV akademiyasi hamda YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash yuzasidan muhim takliflar ilgari surildi.
Akademiya rahbari YUNESKOning faol tashabbus va saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlagan holda oʻzaro munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati




