Biz giyohvandlikka qarshimiz. Katta “doza“lar manziliga yetmadi
2025-12-19 08:15:00 / Yangiliklar

IIV Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi. 2002-yilda tugʻilgan fuqaro Bekobod tumani Toshkent avtoyoʻli yaqinida 1 kilogramm 60 gramm opiy, 972 gramm gashish giyohvandlik vositalarini xaridorga 18 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida 10 ming 660 dozaga teng boʻlgan 2 kilogramm 132 gramm giyohvandlik vositalari tarqalishining oldi olindi. Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.
Keyingi manzilda psixotrop modda hisoblangan 1000 dona «regapen» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyishdi.
Gumonlanuvchilar oʻz qilmishlarini berkitish maqsadida psixotrop moddalarni isteʼmolda boʻlgan vitamin qutilariga joylab tarqatishni koʻzlashgan ekan.
Yana bir tezkor tadbir davomida 1997-yilda tugʻilgan shaxs va uning jinoiy sherigi, 1993-yilda tugʻilgan ayol «Sirdaryo-Toshkent» yoʻnalishi boʻylab avtomashinada harakatlanib ketayotgan vaqtida «Chinoz» YPX maskanida toʻxtatilib tekshirilganida, mashina salonidan 5000 dozani tashkil qiluvchi 1000 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Dori vositalari ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.
Kuchli taʼsir qiluvchi sintetik psixotrop moddalar inson ongiga, ruhiy holatiga va jismoniy salomatligiga bevosita salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xavfli kimyoviy birikmalardir.
Viloyat hududida bu kabi hamkorlikdagi tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Oʻz muxbirimiz. Toshkent viloyati.
