Yaqin tarix sahifalarida. Bir soʻzli inson edi
2024-05-08 12:25:00 / Yangiliklar

Daurxan Mansurov 1944-yil 18-may kuni Konimex tumanida tavallud topgan. Otasi choʻpon boʻlib, farzandlarining oʻqimishli boʻlishi uchun harakat qildi. U 8 farzandni voyaga yetkazdi. Ular orasida Daurxan uchinchi farzand boʻlib, oʻta jiddiy va qatʼiyatliligi bilan ajralib turardi.
U harbiy xizmatdan soʻng militsiya xodimi boʻlishga qaror qildi. 1974-yilda IIV Oliy militsiya maktabini tamomlagan qahramonimiz Navoiy viloyati Karmana tumani IIB Tergov boʻlimida oʻz faoliyatini boshladi. Halolligi va tirishqoqligi tufayli jamoada hurmat-eʼtibor qozondi. Oʻzbek, qozoq, rus tillarida bemalol soʻzlasha olishi tergov jarayonlarida unga juda qoʻl keldi. Shy sababli boshqa hamkasblari Daurxanga doim havas bilan qarashardi.
Toʻrt yildan soʻng u oʻzi tugʻilib oʻsgan Konimex tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. Bundan, ayniqsa, oila aʼzolari juda xursand boʻlishdi. Chunki endi u oilasi bagʻridan xizmatga qatnash, yaqinlari bilan koʻproq koʻrishish imkoniyatiga ega boʻlgandi.
Ammo xursandchilik uzoqqa choʻzilmadi. 1983-yil oxirlarida boshlangan «paxta ishi» gʻavgʻolari uni ham oʻz girdobiga tortdi. Daurxan Mansurov 1985-yilda tergov harakatlari bahonasida gumon qilinuvchi sifatida 6 oy davomida hibsxonada saqlandi. Har kuni uni bir xil savollar berib qiynashar, to yoʻq aybini boʻyniga olmaguncha qoʻymasliklarini aytib, doʻq-poʻpisa qilishardi. Biroq unga qoʻyilgan ayblarning hech biri oʻz tasdigʻini topmadi. Shundan soʻng gdlyanchilar 1986-yilda xizmatda qoldirishga nomunosib xatti-harakatlar sodir etgan degan uydirma ayb bilan ichki ishlar organlaridan ozod etishgan.
Men oʻsha paytlar 7 yoshda edim. Otam «paxta ishi» boʻyicha tergov qilinib, 6 oy qamoqda yotgan. Onam faqat yigʻlar edi. Otamni sud zaliga olib kirishayotganida bir marta koʻrganmiz, xolos. Oʻshanda juda ham ozib ketgan edilar. Otam juda talabchan, qatʼiyatli va bir soʻzli inson edilar. Lekin bizga hech qachon qattiq gapirmaganlar. Yoshim ulgʻaygandan soʻng otamdan nega sudlanganligi haqida juda koʻp bora soʻradim. Ammo har gal «Qoʻy, oʻsha mashʼum kunlarni eslatma» derdilar. Boshlaridan oʻtkazgan qiyinchiliklarni hech birimizga aytmas edilar, deydi uning oʻgʻli Farhod Mansurov.
Ichki ishlar organlari safidan nohaq boʻshatilishi uning ruhiyatiga qattiq taʼsir qildi. Shundan keyin na yegan-ichganida, na yurish-turishida halovati boʻldi. Oila aʼzolari undan qattiq xavotir ola boshlashdi. Har qancha dalda berishmasin, dardini ichiga yutib, ogʻir oʻy-xayollar surishda davom etaverdi. Shu zaylda oʻtgan 4-yil unga goʻyoki 40-yildek tuyuldi.
Bir kun otam oʻz haq-huquqlarini talab qilish, adolatni qaror toptirish uchun yana kurashishga qaror qilganliklarini aytib qoldilar. Hammamiz ich-ichimizdan unga muvaffaqiyat tiladik. Chunki bu safar ham yutqizsalar, yana bir marta umidsizlikka tushish otam uchun judayam ogʻir boʻlishini hammamiz his qilib turardik, deydi uning qizi Nuriya Mansurova.
Mayor D. Mansurovning bu galgi urinishlari muvaffaqiyatli yakun topdi. Nihoyat 1990-yil 3-mart kuni Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan ichki ishlar organlari safiga qayta tiklandi. Shundan soʻng yana 6-yil oʻz kasbiga sadoqat koʻrsatib, fidoyilik bilan xizmat qildi. U 1996-yili izzat-hurmat bilan pensiyaga kuzatildi.
Pensiyaga chiqqanidan keyin ham uyda oyoq uzatib oʻtirmadi. 2000-yilga qadar soliq sohasida mutaxassis huquqshunos sifatida ishlab, koʻplab fuqarolarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi, maslahatlar berdi. Unga turmush oʻrtogʻi Kibira Jalgasova bilan keksalik gashtini surib, farzandlar va nabiralar ardogʻida umrguzaronlik qilish baxti oz boʻlsa-da nasib etdi. Barcha adolatsizliklarni metin irodasi bilan yengib oʻtgan bu inson 2013-yili oʻzi tugʻilgan sanada Yaratganga omonatini topshirdi.
Bugungi kunda farzandlari turli sohalarda halol mehnat qilib, otasiga rahmat olib kelishmoqda. Jumladan katta oʻgʻli Farhod Mansurov Milliy gvardiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi Konimex tumani qoʻriqlash boʻlimi safdor xodimi. Nevaralari ham bobosining yorqin xotirasini yodda tutib ulgʻayishmoqda.
Mahliyo Xolova, oʻz muxbirimiz. «Postda»
Navoiy viloyati
