Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri huzurida ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb masalalar koʻrib chiqildi
2025-12-17 13:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari, vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi hamda IIV Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari ishtirok etdilar.
Kun tartibidan “Yangi yil” va “Prezident archasi” bayrami tadbirlari davrida shaxsiy tarkibni kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borishlari, jamoat tartibini saqlash hamda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masala oʻrin oldi. Mazkur yoʻnalishda masʼul boʻlinmalarning boshqa huquqni muhofaza qilish organlari hamda hamkor idoralar bilan oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, kuch va vositalarni samarali jalb etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yigʻilishda pirotexnika vositalarini noqonuniy muomaladan chiqarish, ularning mamlakatimizga kirib kelishi va noqonuniy aylanmasining oldini olishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Bu borada tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirish, nazoratni kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbirda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining 3-bosqichi jarayonida natijadorlikni oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ushbu tadbirlar doirasida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, vazirlik sohaviy xizmatlari va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Ichki ishlar vazirligi tizimida ijro intizomining holati tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish yakuniga koʻra, hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish hamda aholini dolzarb muammolarini hal etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.





