Yoʻl boshida. Toʻgʻri yoʻl — oʻqishda, oʻrganishda
2025-12-07 08:15:00 / Yangiliklar

Yangiyer shahar IIB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektori, kapitan Oʻrolbek Niyozov el-yurt osoyishtaligi yoʻlidagi xizmat faoliyatini boshlaganiga 5 yil boʻldi. Ayni paytda shaharda istiqomat qilayotgan oʻn ming nafardan ortiq voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ular kelgusida komil insonlar boʻlib yetishishi uchun astoydil harakat qilmoqda.
U har kuni ishni umumtaʼlim maktablaridan boshlaydi. Yangiyerda 12 ta maktab boʻlib, ularda 8400 dan ortiq oʻquvchi tahsil oladi. Umumtaʼlim muassasalari mutasaddilari bilan davomatni tekshiradi. Dars jarayonlariga xalaqit bermasdan jarayonni kuzatadi. Davomat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olgach, darslarga muntazam kelmayotgan oʻquvchilarning oilaviy ahvolini, muammolarini oʻrganadi, ularning ota-onalari bilan suhbatlashadi. Bu esa oʻz navbatida yaxshi samara bermoqda.
Lavhamiz qahramoni baxtli oila sohibi. Turmush oʻrtogʻi umumtaʼlim maktabida psixolog vazifasida faoliyat koʻrsatadi. Ular ikki farzandni tarbiyalashmoqda.
U mahallalardagi yoshlar masalalari boʻyicha yetakchilar bilan birga oilaviy ahvoli ogʻir oilalarda boʻlib, ularning farzandlari bilan bogʻliq muammolarni oʻrganib, yordam berish choralarini koʻradi. Jumladan, sohil boʻyidagi mahalla xonadonlaridan birida yashovchi 10-sinf oʻquvchisi boʻlgan qiz uch kun maktabga bormagan. U nogiron onasi bilan yolgʻiz yashaydi. Oldingi safar kelganida qizni kiyim-kechak bilan taʼminlashda muammolar borligi aniqlangandi. Kapitan mahalla raisi bilan bamaslahat homiy topdi. U bugun homiy tomonidan tuhfa qilingan kiyimlarni oʻquvchi qizga taqdim etdi.
Yangiyer chorrahada joylashgan shahar boʻlgani tufayli baʼzan bu yerga oilasidan chiqib ketgan voyaga yetmaganlar ham kelib qoladi. Bunday bolalar shahardagi istirohat bogʻida, dehqon bozorida, sohil boʻyidagi xiyobonlarda maqsadsiz yurgani toʻgʻrisida xabar kelib tushishi bilanoq Oʻrolbek Niyozov oʻsha yerga yoʻl oladi.
- Yaqinda uydagilarni ogohlantirmasdan yoʻlga chiqib, shahrimizga kelib qolgan fargʻonalik 14 yoshli bolani oʻz uyiga qaytardik, — deydi lavhamiz qahramoni. — Suhbat jarayonida u mustaqil yashay olishini uydagilariga isbotlamoqchi boʻlganini aytdi. Bolani Guliston shahridagi Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markaziga joylashtirdik. Oradan ikki kun oʻtgach, uni ota-onasi olib ketdi. Qoʻngʻiroq qilib, menga minnatdorlik bildirishdi.
Afsuski, yangiyerlik oʻsmirlar orasidan ham mana shunday tarzda uyidan chiqib ketish holatlari uchrab turadi. Yaqinda maktabning 10-sinf oʻquvchisi boʻlgan oʻsmir yigit Toshkent shahriga qochib ketadi. Surishtiruvlar natijasida u Qibraydagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlayotgani aniqlandi. Uch kun oʻtmasdan Oʻrol Niyozov oʻsmirni oʻsha yerdan topdi va ota-onasi qoʻliga sogʻ-omon topshirdi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV, oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
