Andijon tomonlarda. Kibergigiyena — zamonaviy ehtiyoj
2025-12-01 08:00:00 / Yangiliklar

Gʻayrat Sultonov telefon raqamiga kelgan xabarnomadan sergak tortdi. Unda «Shu rasmlar sizga tegishli ekan», degan satr yozilgan edi. «Mening suratim boshqalar qoʻlida nima qilyapti?» deb oʻyladi va faylni ochdi. Biroq ekranda hech qanday surat paydo boʻlmadi. «Demak, anglashilmovchilik boʻlibdi», deb oʻz ishini davom ettirdi. Ammo birozdan soʻng plastik kartasidagi pullar yechib olinganini bilib qoldi. Ana shundagina u — bu oddiy xabarnoma emas, firibgarlarning nayrangi ekanini tushundi.
- 2025-yilning 9 oyi davomida Andijon viloyatida 6709 ta jinoyat qayd etilgan boʻlsa, shularning 2684 tasi, yaʼni qariyb 40 foizi axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlardir, — deydi viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi, katta leytenant Shamsiddin Sharifjonov. — Ushbu jinoyatlarning 923 tasi firibgarlik, 1665 tasi esa oʻgʻrilik bilan bogʻliq holatlardir. Bu viloyatdagi jami firibgarlik jinoyatlarining 78,2 foizi va jami oʻgʻrilikning 68,5 foizi aynan kiberjinoyatlar hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar soni oʻtgan yilga nisbatan 2,3 barobarga koʻpaygan. Eng eʼtiborlisi, ularning 96,4 foizini aynan bank kartalari bilan bogʻliq holatlar tashkil etadi.
Firibgarlar koʻpincha plastik karta egalariga «toʻlovni amalga oshirish», «yutuqni olish», «rasmni koʻrish» kabi bahonalar bilan SMS-xabarnoma yoki messenjer orqali kod yuborishni soʻraydi. Aslida esa bu kodlar orqali shaxsiy va bank maʼlumotlariga ega boʻlib, kartadagi mablagʻlarni oʻzlashtirishadi.
