IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning bugungi holati, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-11-29 09:00:00 / Yangiliklar

Taʼlim muassasasi boshligʻi Rustam Xatamov tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda IIV tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktab internati va akademik litseylar direktorlari, ularning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek akademiyadan fakultet va kafedralar rahbarlari qatnashdi.
Yigʻilishda kadrlar tayyorlashning bugungi dolzarb talablari, bu borada oʻquv muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar, taʼlim-tarbiya jarayonlari sifati, oʻquvchi yoshlarning bilim darajasi, pedagog kadrlar salohiyati, oʻquv dasturlari va adabiyotlarining zamonaviy standartlarga muvofiqligi hamda boshqa masalalar tanqidiy muhokama qilindi.
Akademiya boshligʻi akademik litseylar bitiruvchilarining kunduzgi taʼlimga qabul jarayonida qayd etgan natijalari, oʻqish davomida fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, xizmat intizomini buzish bilan bogʻliq salbiy holatlar, amaliyotda yosh xodimlar duch kelayotgan muammolarni aniq raqamlar va hududlar kesimida tahlil qildi.
Ayrim litseylarda huquqshunoslik va kasbiy fanlarni oʻqitishda tizimli yondashuvning mavjud emasligi, jismoniy-jangovar tayyorgarlikning talab darajasida tashkil etilmayotgani, mashgʻulotlar jarayonida zamonaviy metodlar va oʻquv qoʻllanmalaridan foydalanilmayotgani aytib oʻtildi.
“Biz taʼlimga mustahkam poydevor qoʻysak, shunda natijaga erishamiz. Buning uchun oʻquvchilarimizni yoshlikdan boshlab yuksak bilimli, maʼnan va jismonan sogʻlom, kasbiga sadoqatli, fidoyi, vatanparvar shaxs sifatida tarbiyalab borishimiz kerak”, – dedi akademiya boshligʻi.
Yigʻilishda taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻquv va metodik hamkorlikni yanada takomillashtirish, oʻqituvchilarning bilim darajasi va pedagogik mahoratini muntazam oshirib borish, mashgʻulotlarni yangicha metodlar asosida tashkil qilish, iqtidorli yoshlar bilan individual ishlashni yoʻlga qoʻyish, ularga kasbiy bilim, jangovar-jismoniy koʻnikmalar, zamonaviy axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni mukammal oʻrgatish, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, bu borada joylardagi turdosh oʻquv muassasalaridagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish zarurligi qayd etildi.
Shu kuni oʻquv maskanlari rahbarlarining takliflari ham tinglandi. Hududlarda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmas vazifa va chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati




