Surxondaryo viloyatida Yoshlar oʻrtasida giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan targʻibot tadbiri oʻtkazildi
2025-11-28 07:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda jamiyat rivojining asosiy ustuni boʻlgan yosh avlodni zararli odatlardan asrash, ularning sogʻlom va barkamol inson boʻlib kamol topishini taʼminlash davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda, “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 207-son Farmoni ijrosini taʼminlash doirasida Surxondaryo viloyatida joriy yilning 20-noyabridan 20-dekabriga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbirning uchinchi bosqichi doirasida Termiz davlat universitetida talabalar oʻrtasida “Biz yoshlar giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida targʻibot ishlari oʻtkazildi.
Tadbir davomida mutasaddi tashkilotlar xodimlari ishtirokchilariga giyohvandlikning inson salomatligi va kelajagiga yetkazadigan xolis va qaytarib boʻlmas zararlari haqida batafsil maʼlumot berishdi. Shuningdek, narkojinoyatlar oqibatlari, ularning huquqiy javobgarlik taraflari, bunday illatlarga qarshi kurashishda har bir fuqaroning faol ishtiroki muhim ekani taʼkidlandi.
Talabalar bilan ochiq muloqot va savol-javoblar tashkil etilib, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishga qaratilgan taklif va tashabbuslar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilari bunday tashabbuslar yoshlarning ongi va dunyoqarashini toʻgʻri shakllantirishda, ularni zararli omillar taʼsiridan himoya qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, kelgusida ham bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini bildirdi.
Oʻtkazilgan targʻibot tadbiri nafaqat talabalarning huquqiy bilimlarini yanada oshirishga, balki ularni giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi murosasiz munosabatda boʻlishga undadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati






