Namangan viloyatida “CAVA Army and Police Volleyball Championship” musobaqasiga start berildi
2025-11-23 10:05:00 / Yangiliklar

Yangi Namangan tumanidagi zamonaviy “Pahlavon” sport majmuasida Markaziy Osiyo mintaqasining eng nufuzli voleybol turnirlaridan biri — “Buyuk Ipak yoʻli” “CAVA Army and Police Volleyball Championship” musobaqasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdilar.
Mazkur xalqaro musobaqada "CAVA" — Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasiga aʼzo davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tarkibidagi eng kuchli voleybol jamoalari ishtirok etmoqda.
Musobaqada Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston davlatlari vakillaridan iborat jamoalar oʻz mahorati, jismoniy tayyorgarligi va musobaqaviy ruhini namoyish etmoqda.
Jami 10 ta professional jamoa yuqori darajada tashkil etilgan maydonda gʻalaba uchun kurash olib bormoqda. Turnir davomida yuqori tempdagi uchrashuvlar, murosasiz bellashuvlar va jarangdor oʻyinlar tomoshabinlarga yorqin taassurotlar ulashmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









