Uchinchi Renessans. Yuksak parvozlar poydevori
2025-11-20 23:00:00 / Yangiliklar

Taʼlim muassasamizning bitiruvchilari yuqori natijalarga erishib, respublikamizning nufuzli oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinayotgani, avvalo, taʼlim jarayonida fidokorona mehnat qilayotgan malakali oʻqituvchi va tarbiyachilarimiz mehnatining samarasidir, — deydi litsey direktori, polkovnik Sherali Turayev. — Shu maqsadda taʼlim sifatini yuksaltirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish, oʻquvchilarda mustaqil fikrlash va fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishga qaratilgan izchil ishlar olib borilmoqda. Natijada har bir bitiruvchi kelajakka ishonch bilan qadam qoʻymoqda.
Ana shunday fidoyi va mehnatkash ustozlardan Faxriddin Qodirov, Marhabo Isayeva, Asilbek Abdumutallipov, Munira Erkayeva, Aziza Nuritdinova, Zilola Hakimjonova hamda Yuriy Lilarni alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Ularning saʼy-harakati tufayli 2024/2025-oʻquv yili yakuni boʻyicha bitiruvchilarimizning qariyb 87 foizi IIV Akademiyasi hamda balki boshqa nufuzli oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi.
Joriy yilning oʻzida taʼlim muassasamizning oʻqituvchi va oʻquvchilaridan iborat 49 nafar sportchimiz turli bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Ulardan 18 nafari Oʻzbekiston chempioni, 8 nafari Osiyo miqyosidagi musobaqalar gʻolibi, 12 nafari xalqaro turnirlar sovrindorligini qoʻlga kiritishdi. Eng quvonarlisi, 6 nafar sportchimiz Jahon chempioni va Jahon kubogi sohiblari boʻlishdi.
Litseyning zamonaviy axborot resurslari va bebaho adabiy xazinaga boy boʻlgan kutubxonasi taʼlim muassasasi hayotida muhim maʼnaviy markaz sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Asilbek Roʻzmahammatov, Sevinch Iskandarova va Dilshod Jumanazarov kabi kitobsevar oʻquvchilar kutubxonaga eng koʻp tashrif buyuruvchi faol kitobxonlardan. Ular nafaqat kitob oʻqishga, balki tengdoshlariga ham kitobxonlik madaniyatini targʻib etishga hissa qoʻshib kelmoqda.
Litsey bu faqat taʼlim maskani emas, balki yorqin orzular va ulugʻ maqsadlar parvozi uchun poydevor boʻlgan muqaddas dargohdir. Bu yerda yoshlar nafaqat bilim olishadi, balki vatanparvarlik, sadoqat, matonat va insoniylik kabi oliy fazilatlarni oʻzlashtiradi.
Shubhasiz, bu taʼlim dargohidan yetishib chiqadigan har bir bitiruvchi — oʻz salohiyati, bilimi va Vatanga sadoqati bilan mamlakat ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan fidoyi inson boʻlib shakllanadi.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov.
