Korrupsiyaviy holatlar yuzasidan ma’lumotnoma
2025-07-17 14:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Xususan, tuzilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi, kadastr, tijorat banklari, tabiiy gaz va elektr ta’minoti sohalarida zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Bu sohalarda to‘liq raqamlashtirishni joriy qilish, inson omilini kamaytirish, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishga oid dalolatnomalarni qog‘oz shaklida rasmiylashtirishdan voz kechish, ishga qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash, maishiy korrupsiyaga barham berish alohida nazoratga olingan.
Shunga qaramay, joriy yilning o‘tgan 6 oyida korrupsiyaviy holatlar bilan bog‘liq 17 ta jinoyat ishi tergov qilinib, sudga yuborilgan. 20 nafar shaxs jinoyat sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Jumladan 2 tasi pora olish (JK 210-m), 7 tasi pora berishga dalolat qilish (JK 211-m), 3 tasi xizmat mavqeidan foydalanib firibgarlik qilish (JK 168-m), 5 tasi o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-m) kabi jinoyatlaridir.
Jinoyatchilar tarkibi 4 nafari sog‘liqni saqlash, 2 nafari bank, 2 nafari maktabgacha va maktab ta’limi, 1 nafardan IIB YHXB, arxitektura, kadastr va o‘rmon xo‘jaligi bo‘limlari, 4 nafari tadbirkorlik subyekti rahbari, 7 nafari boshqa soha vakillari.
Masalan: 5-maktab direktori F.O. fuqaro L.B. ni informatika o‘qituvchisi qilib ishga qabul qilish va 10 soat qo‘shimcha dars berish evaziga 100 AQSh dollari pora olgan.
O.X. esa tanishi orqali haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilib, 600 AQSh dollari olgan.
Har bir ish bo‘yicha jazo muqarrardir.
Tuman sudida ko‘rib tamomlangan 11 ta jinoyat ishida 6 nafari axloq tuzatish, 4 nafari ozodlikni cheklash, 1 nafari ozodlikdan mahrum qilish, 5 nafari shartli ravishda jazodan ozod qilingan va 6 nafarga moddiy va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, pora berishga dalolat qilish holatlari ko‘proq ishga joylashish, ish stavkasini oshirish, yer maydoni olib berish, nogironlik nafaqasini rasmiylashtirishda uchramoqda.
Shu bois, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini shakllantirish, avvalo pora berishga moyilligi bo‘lgan shaxslar bilan muntazam profilaktik tadbirlar o‘tkazishni talab etadi.
