G‘IJDUVON TUMAN IIB BOSHLIG‘I POLKOVNIK SHARIPOV BAHODIRXO‘JA ZARIFOVICHNING G‘IJDUVON TUMANI AHOLISIGA PROFILAKTIK-OGOHLANTIRUVCHI MUROJAATI.
2026-02-11 17:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli G‘ijduvon tumani aholisi! Bugungi kunda yurtimizda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, aholining huquq va erkinliklarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Biroq, jinoyatchilikni oldini olish borasidagi tahlillar shundan dalolat bermoqdaki, 2026-yilning o‘tgan yanvar oyi mobaynida tumanimizda axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar hisobiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ijobiy natijalarga erishilgan.
Xususan: 2026-yilning 1-oyida tumanimizda jami 8 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 7 tadan — 8 taga (14,3 foiz) ko‘payishiga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda ommalashib borayotgan va aholi ehtiyotkor bo‘lishi lozim bo‘lgan muhim sohalardan biri — internet tarmoqlari orqali sodir etilayotgan o‘g‘irlik va firibgarliklardir. Bu jinoyatlar oddiy sodda fuqarolarimizning ishonuvchanligidan foydalangan holda amalga oshirilmoqda. E’lonlar, onlayn kreditlar, “Yutuq yutib oldingiz”, “Pulingizni ko‘paytirib beramiz” kabi soxta xabarlarga ishonmang!
Misol uchun, 2025-yilning 12 oyida 90 ta jinoyat axborot texnologiyalari (internet va mobil ilovalar) orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ularning 36 tasini firibgarlik va 46 tasini o‘g‘irlik va 8 tasini boshqa turdagi jinoyatlar tashkil etadi. Internet tarmoqlar orqali sodir etilgan jinoyatlarning asosiy salmog‘ini tarlik xildagi ARKlar, pullarini ko‘paytirib berish va onlayn o‘yinlar tashkil qiladi.
Unutmang, Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi.
Sodir etilgan jinoyatlarning 30,8 foizi — 8 ta holat — oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlardir. Bu esa o‘z navbatida jamoaviy hushyorlikning yetarli emasligini ko‘rsatadi.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning eng ko‘p salmog‘ini, 1 ta firibgarlik, 2 o‘g‘rilik va 3 ta tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil qilayotganligi, eng achinarlisi tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar oila turmush doirasidagi nizolar oqibatida sodir etilmoqda.
Unutmang! Sizning sog‘ligingiz va umringiz, har qanday vaqtdan yoki ne’matdan ustundir.
Sodir etilgan 2 ta o‘g‘irlik jinoyatlarining chorva mollari va xonadon o‘g‘irliklarini tashkil qilayotganligi, fuqarolarimizni o‘zlariga tegishli mol-mulklarini qarovsiz qoldirayotganliklaridan dalolat beradi. Zero, bugungi kunda aholi xonadonlari va savdo majmualariga kuzatuv kameralarini o‘rnatish, o‘g‘irlik jinoyatlarini oldini olishda samarali natija ko‘rsatayotganligini unutmasligimiz lozim.
Shu boisdan siz aziz yurtdoshlardan quyidagilarga qat’iy amal qilishingizni so‘rayman: — Mulkiy xavfsizlikni ta’minlash: uy, avtomashina va shaxsiy buyumlarga e’tiborli bo‘ling, chorva mollaringizni dalada qarovsiz qoldirmang; — Internet orqali xaridlar yoki moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilganda ehtiyot bo‘ling; — Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ahamiyat bering, ularni nazoratsiz qoldirmang; — Mahallangizda shubhali shaxslar va holatlar bo‘yicha IIB xodimlariga yoki “112” qisqa raqamga xabar bering; — Oiladagi nizolarni zo‘ravonliksiz, qonuniy yo‘llar bilan hal qilishga harakat qiling; — Xonadoningiz va boshqa ko‘chmas mulklaringiz atrofida kuzatuv kameralarini o‘rnating va kuzatuv kamerlarini o‘rnatish borasida qo‘ni-qo‘shnilaringiz orasida targ‘ib qiling.
Bugungi kunda tuman miqyosida qidiruvda bo‘lgan 15 nafar shaxslar hali ham ushlanmagan. Fuqarolardan ushbu shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha hamkorlik qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli tumandoshlar! Jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu — barchamizning umumiy burchimiz!
Tumanimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda faol ishtirok etish — har bir yurtdoshimizning Vatan oldidagi mas’uliyatidir. Birgalikda huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash olib borishga chaqiraman.
Kelajagimiz farovon va xavfsiz bo‘lishi — bizning bugungi harakatimizga bog‘liq. E’tiboringiz uchun rahmat!
