Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi.
2026-02-12 01:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad — yoshlarning muammo va takliflarini joyida eshitish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat bo‘ldi.
Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va hal qiluvchi kuchidir.”
Ana shu ezgu g‘oya asosida muloqot davomida yoshlarning ishga joylashishi, zamonaviy kasblarni egallashi, o‘z biznesini boshlashi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Buxoro davlat universiteti rektori ham so‘zga chiqib, yoshlarning oliy ta’limga intilishi, ilm-fan va zamonaviy bilimlarni egallashi, malakali kadr bo‘lib yetishishi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyat bosh imomi yoshlarni ma’naviy barkamollik, vatanparvarlik va pok e’tiqod ruhida tarbiyalash, turli salbiy g‘oyalardan asrash, halollik va to‘g‘ri yo‘lga undash borasida ibratli fikrlar bildirdi.
Yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar tuman hokimi F. Umarov va viloyat prokurori tomonidan ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan mas’ul idoralarga aniq topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda jinoyatchilik va salbiy holatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ishlash tizimini yanada mustahkamlash, ularning muammolariga manzilli yechim berish hamda har bir yigit-qizning kelajagiga befarq bo‘lmaslik tamoyilini yana bir bor namoyon etdi.
Yoshlar — bugunimiz va ertamiz!









