G‘IJDUVONDA USTUVOR REJALAR VA AMALIY LOYIHALAR MUHOKAMA QILINDI.
2026-02-06 18:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tumanda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan amaliy muloqot o‘tkazilib, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, daromad manbalarini kengaytirish hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Har bir mahallaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli yondashuv zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda 2026 yilga mo‘ljallangan rejalar, istiqbolli loyihalar va zamonaviy loyihaviy yondashuvlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, investitsiya jalb etish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha tuman hamda bank tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” mahallalari hamda ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir mahallalarda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq dasturlar taqdim etildi. Infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Muloqot yakunida hokim yordamchilari tomonidan ilgari surilgan amaliy loyihalar, ijara yerlardan samarali foydalanish, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida ekin ekish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Belgilangan vazifalarning izchil ijrosi tuman iqtisodiyoti barqaror o‘sishiga, aholi farovonligi va qonuniylik tamoyillari mustahkamlanishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.









