G‘IJDUVONDA “YASHIL ENERGIYA” VA ZAMONAVIY QISHLOQ XO‘JALIGI YO‘LIDA MUHIM SEMINAR O‘TKAZILDI.
2026-02-05 18:15:00 / Yangiliklar

Seminarda tumanning Guliston, Obod, Sarvari va Zarangari hududlari fermer xo‘jaliklari rahbarlari keng qamrovda qatnashib, sohadagi dolzarb vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida pillachilik, g‘allachilik va paxtachilik tarmoqlarida yangicha yondashuvlar, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, elektr energiyasini tejash, suv nasoslarini energiya samarador uskunalarga almashtirish hamda quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish zarurligi bo‘yicha aniq tushuntirishlar berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “yashil energiya”ga o‘tish — bugungi kun talabi. Bu borada Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish — kelajak avlod oldidagi eng muhim vazifalarimizdan biridir.”
Hududlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari va suv nasoslarining uzluksiz hamda xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatish tartibi va texnik talablari yuzasidan ham aniq ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminar yakunida bank muassasalari tomonidan fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmlari va moliyaviy imkoniyatlar batafsil tushuntirilib, ishtirokchilarning barcha savollariga javob berildi. Mazkur tadbir hududda zamonaviy yondashuvlar asosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









