G‘IJDUVON XO‘JAI JAHON SAVDO KOMPLEKSI HUDUDIDAGI AVTOTURARGOH VA YO‘L HOLATI YUZASIDAN RASMIY MUNOSABAT.
2026-02-07 15:20:00 / Rasmiy munosabat

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bozor ma’muriyati tomonidan 2026-yil 5-fevraldan boshlab yo‘lni shag‘allashtirish va obodonlashtirish ishlari boshlangan, ayni paytda esa ishlar yakunlash bosqichida ekani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, hududda suvni oqizish (drenaj) tizimini yaxshilash bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Bozor hududida transport vositalari uchun mo‘ljallangan maxsus avtoturargoh mavjud bo‘lib, u amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tarzda faoliyat yuritmoqda. Avtoturargoh xizmatlari belgilangan tartib va me’yorlar asosida tashkil etilgani aniqlandi.
Tumanda tadbirkorlik subyektlari va aholi manfaatlarini himoya qilish, infratuzilmani yaxshilash hamda xizmatlar shaffofligini ta’minlash qonun ustuvorligi tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi va qonuniy tartibda ko‘rib chiqiladi.
G‘ijduvon tumani hokimligi tomonidan mazkur masala doimiy nazoratga olingan bo‘lib, fuqarolar uchun qulay, xavfsiz va tartibli muhit yaratish ishlari izchil davom ettiriladi.




