“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Murojaatnoma — taraqqiyotimiz poydevori.
2026-01-23 15:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda jamiyatimizning turli qatlam vakillari — ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar, nuroniylar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, mehnat faxriylari, ma’rifat targ‘ibotchilari hamda deputatlar ishtirok etdi. Bu esa tadbirning jamoatchilik hayotida naqadar katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Tadbir davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, islohotlarning inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan mohiyati, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy sohadagi vazifalar yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusidagi amaliy ishlar uchun muhim dasturulamal bo‘lishi ta’kidlandi.
Ayniqsa, yoshlar ongiga islohotlar mazmunini chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasi ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Nuroniylar va mehnat faxriylarining hayotiy tajribalariga tayanilgan holda, avlodlar davomiyligini ta’minlash g‘oyasi keng qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur uchrashuv barchani yurtimiz kelajagi uchun yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undadi. Belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda har bir fuqaroning hissasi muhim ekani yana bir bor ta’kidlandi.




