G‘ijduvon tumanida davlat xizmatchilarining siyosiy ongi va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda.
2026-01-16 10:45:00 / Yangiliklar

Hurmatli Prezidentimiz doimiy ravishda ta’kidlaganlaridek, “Davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak”. Bu esa har bir rahbar va xodimdan halollik, fidoyilik va yuksak mas’uliyat bilan ishlashni talab etadi.
Ana shu ezgu maqsadlar asosida har haftaning juma kuni Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida “Siyosiy-ma’rifat soati” muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Ayni paytda G‘ijduvon tumani hokimligining kichik majlislar zalida navbatdagi “Siyosiy-ma’rifat soati” bo‘lib o‘tmoqda. Unda tuman hokimligi apparati xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Mazkur mashg‘ulot davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmuni, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, aholi bilan ishlashda ochiqlik, adolat va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari doimo “Qonun ustuvorligi va xalq manfaatlari — eng oliy qadriyat” ekanini alohida ta’kidlab kelmoqdalar. Shu ma’noda, bunday ma’rifiy mashg‘ulotlar davlat xizmatchilarining dunyoqarashi, huquqiy tafakkuri va kasbiy mas’uliyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Siyosiy-ma’rifat soati” orqali xizmat intizomi, shaxsiy mas’uliyat va fuqarolarga sadoqat ruhida ishlash madaniyati yanada yuksalmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur mashg‘ulotlarni har juma kuni Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining ilm.argos.uz platformasi orqali onlayn tarzda ham kuzatib borish mumkin.









