RASMIY MUNOSABAT
2025-12-10 18:05:00 / Rasmiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF–88-son Farmoni hamda PQ–185-son Qarori ijrosi doirasida G‘ijduvon tumanida birlamchi tibbiy xizmatni tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli va yaqin tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash borasida keng ko‘lamli tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi qayta tashkil etilib, hududlarda aholiga maksimal yaqinlikni ta’minlash maqsadida 31 ta oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, aholining shoshilinch tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini tezkor qondirish maqsadida Zarangari MFY hududida 2-son tez tibbiy yordam podstansiyasi tashkil etilib, chaqiruvlarga xizmat ko‘rsatish vaqti sezilarli darajada qisqartirildi.
“Yangiyer” MFYda yashovchi fuqaro Po‘lat Eshimov tomonidan bildirilgan murojaat tuman mutasaddi rahbarlari, sog‘liqni saqlash bo‘limi mas’ullari, mahalla raisi hamda hududiy ijtimoiy xodim ishtirokida joyiga chiqib batafsil o‘rganildi. O‘rganish jarayonida fuqaroning yolg‘iz yashashi, kelini va o‘g‘lining ish bilan bandligi sababli doimiy parvarishga muhtoj ekani, shuningdek, eng yaqin oilaviy shifokor punktigacha bo‘lgan masofa 3 kilometrni tashkil etishi aniqlanib, ushbu holatlar inobatga olindi. Natijada fuqaro uchun zarur ijtimoiy va tibbiy ko‘mak choralari belgilandi, patronaj xizmatiga olinishi, doimiy tibbiy kuzatuvni tashkil etish bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.
Shuningdek, maqolada tilga olingan jarohatlanish holati ham alohida tartibda o‘rganildi. Tibbiyot xodimlari tomonidan fuqaroning salomatligi to‘liq ko‘zdan kechirilib, yaralar birlamchi bitgani, hozirgi vaqtda qo‘shimcha tibbiy aralashuvga ehtiyoj yo‘qligi aniqlandi. Fuqaroning umumiy ahvoli qoniqarli deb baholandi va keyingi tibbiy nazorat shifokor hamda feldsher tomonidan davom ettirilishi belgilandi.
“Yangiyer” hududida ilgari faoliyat yuritgan feldsher Ato Esanovning ish faoliyati ham qayta ko‘rib chiqildi. U aholiga yanada yaqin va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 19-son Oilaviy poliklinikaga 1,0 shtat birligida ishga o‘tkazildi. Hozirda A. Esanov mehnat ta’tilida bo‘lib, yanvar oyidan boshlab “Yangiyer” MFY hududi bo‘yicha to‘liq patronaj xizmatlarini qayta tiklaydi.
Xulosa qilib aytganda, murojaat yuzasidan tuman mutasaddi rahbarlari, sog‘liqni saqlash bo‘limi mas’ullari hamda mahalla vakillari tomonidan joyiga chiqib fuqaro bilan bevosita suhbat o‘tkazildi, mavjud muammolar har tomonlama ko‘rib chiqildi va ularning yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Fuqarolarning ijtimoiy, tibbiy va maishiy ehtiyojlari doimiy nazoratga olindi hamda zarur yordamlar bosqichma-bosqich yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, murojaat kelib tushgan “Yangiyer” qishlog‘ida haftaning dushanba kuni tibbiyot rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirokida sayyor qabul tashkil etilishi belgilandi. Ushbu sayyor qabul davomida hudud aholining barcha tibbiy va ijtimoiy muammolari joyida o‘rganilib, tezkor hal etish choralari ko‘riladi.
