
Xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati boshlanganidan buyon agentlik Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Fransiya taraqqiyot agentligi kabi xalqaro moliya institutlari bilan strategik muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘z navbatida, bu hamkorlik turli tajribaga ega xalqaro ekspertlar bilan ishlash imkonini beradi.
Qisqa vaqt ichida xalqaro ekspertlar ko‘magida Agentlik faoliyatining meʼyoriy-huquqiy bazasini yaratish va uni zarur orgtexnika vositalari bilan taʼminlash bo‘yicha yetarlicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-28-sonli qaroriga asosan yuqorida nomlari keltirilgan xalqaro moliya institutlari energiya bozorida o‘rnatilishi kerak bo‘lgan zarur qoidalar, meʼyorlar va tartiblarni ishlab chiqishda yordam ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, energiya bozoriga bosqichma-bosqich o‘tish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Yana bir muhim jihatni alohida qayd etish lozimki, hamkorlik doirasida xalqaro moliya institutlari tomonidan O‘zbekistonda va boshqa mamlakatlarda Agentlik va soha xodimlari uchun muhim bo‘lgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha seminarlar, davra suhbatlari, treninglar, mahorat saboqlari tashkil etilmoqda.
2025-yil 5-may kuni Energetika regulyatorlari mintaqaviy assotsiatsiyasi(ERRA)ning 22-yig‘ilishida Agentlik assotsiatsiyaning to‘liq aʼzosi sifatida qabul qilindi. Ushbu aʼzolik O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlarning xalqaro eʼtirofi hamda mamlakatning mintaqaviy energetika hamkorligidagi o‘rnini yana-da mustahkamlaydi.
Turkiya Respublikasi, Avstriya va Slovakiya Respublikalari energetika bozorlarini tartibga soluvchi tashkilotlari bilan ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Turkiya Energetika bozorini tartibga soluvchi tashkiloti (EPDK) bilan bir qator onlayn treninglar va Anqara shahrida seminarlar tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda, Avstriyaning E-Control energetika bozorini tartibga soluvchi korxonasida Agentlik xodimlari uchun qisqa muddatli trening tashkil etildi.
Jahon bankining “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida 2024-2025 yillarda energiya bozorini yana-da rivojlantirish va faoliyat yuritish hamda taqsimlash tarmoqlarini xususiylashtirish yo‘nalishlari uchun zarur standartlarni ishlab chiqishda ishtirok etadigan maslahatchi jalb etildi.


