Raqamli texnologiyalar ilmiy-tadqiqot markazini qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
2026-10-20 11:50:00 / Jamoatchilik eshituvlari

Jamoatchilik eshituvi O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi 234-son qarori talablariga muvofiq tashkil etildi.
Muhokamada Raqamli texnologiyalar vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, IT Park Uzbekistan, Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari, Index Consulting Company mutaxassislari hamda mahalliy fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Index Consulting Company vakillari o‘z taqdimoti bilan chiqib, loyihaning atrof-muhitga ehtimoliy salbiy ta’sirini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlashdi.
Loyihaga ko‘ra, qurilish va foydalanish davrida atrof-muhitni muhofaza qilish (tuproq, suv, chiqindilar, chang va shovqin nazorati), xavfsizlikni ta’minlash (transport, laboratoriya, favqulodda vaziyatlar) hamda resurs va energiya samaradorligini oshirish choralari ko‘zda tutilgan.
Ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qurilish ishlari boshlanishidan oldin kamida 14 kun davomida atmosfera havosining dastlabki holatini, kunduzgi va tungi shovqin darajasini hamda tuproq holatini o‘rganish taklif etilgan. Qurilish jarayonida esa chang, shovqin, tebranish, suv oqimi va chiqindilar ustidan muntazam monitoring olib borish, ishlar yakunlangach esa ekologik audit o‘tkazish rejalashtirilgan.
Jamoatchilik eshituvi yakunida mahalliy aholi vakillari loyihani amalga oshirishga rozilik bildirdi. Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan qurilish jarayonida ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish hamda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.









