Qonuniylik, xolislik va halollik — har bir xodimning burchi
2026-10-12 17:40:00 / Yangiliklar

Tadbirni Markaz bosh direktori G‘. Muxamedov ochib, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda xizmat faoliyatida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Davra suhbatida pora olish va berish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, tamagirlik va boshqa korrupsiyaviy holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Bunday noqonuniy xatti-harakatlar davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligiga, shuningdek, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi tushuntirildi.
Markazning korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘yicha bosh mutaxassisi R. Tashpulatov so‘zga chiqib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, ularning oldini olish hamda xizmat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari haqida ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Prezidentning 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmonida belgilangan vazifalar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xodimlarning amaldagi qonunchilik va ichki idoraviy hujjatlarga qat’iy rioya etishi zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etishi, xizmat vazifalarini vijdonan va yuqori kasbiy darajada bajarishi, qonuniy qarorlar hamda topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etishi har bir xodimning muhim xizmat majburiyati ekanligi ta’kidlandi.
Davra suhbati davomida xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, profilaktik hamda targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar Markaz faoliyatida ochiqlik, halollik, xolislik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan munosabatlarda qonuniylikni ta’minlash yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.








