Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori Muxamedov G‘ayrat Aminovichning korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan yo‘llagan murojaati
2026-10-12 10:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 dekabrdagi PF-270-son “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”) joriy etildi. Komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki siyosatni amalga oshiradi.
Barcha sohalar kabi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan ham jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, bu borada faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini xalqaro talablarga mos ravishda takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xodimlar va ekolog-ekspertlarning kasbiy immunitetini mustahkamlash hamda o‘z faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasligi borasida markazda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda, ekologik ekspertiza faoliyatini amalga oshirishning yangilangan huquqiy asoslari ishlab chiqildi va natijada O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida” Qonuni (2025 yil 24 fevral, O‘RQ–1036-son), shuningdek, mazkur qonuning ijro mexanizmini ta’minlovchi Hukumatning “Atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan (2026 yil 11 may, 4-son).
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan ekologik ekspertiza jarayonlarini yanada shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy omillarni va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga qator qulayliklar yaratish maqsadida atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari va ekologik normativlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xizmat ko‘rsatish mexanizmi joriy etilmoqda.
Ushbu raqamli texnologiya davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun kelib tushgan arizadan tortib, xulosa taqdim etish jarayonlarigacha bo‘lgan davr to‘liq raqamlashtirdi, inson omili aralashuviga butkul chek qo‘yildi. Tizim bir qator davlat organlari, xususan Soliq qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining elektron tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Ekologik ekspertiza xulosalarini markazning veb-saytlarida ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirib borish amaliyoti joriy etildi. Bugungi kunga qadar jami 130 mingga yaqin davlat ekologik ekspertizasi xulosalari aholi uchun ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlarining shikoyat va arizalarini qabul qilish uchun Davlat ekologik ekspertizasi markazining “Call-markaz”lari doimiy faoliyat olib bormoqda. Hududlar bo‘yicha kelib tushadigan arizalar birlamchi Markazda tekshiruvdan o‘tkazilib, qonunchilik talablariga mos bo‘lganda hududiy filiallarga ekspertizadan o‘tkazish uchun elektron yuborish tizimi joriy etildi. Bu o‘z navbatida manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi omillarni oldini olishga va ekologik talablarga muvofiq bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Demokratik qadriyatlar asosida atrof-muhitga ta’sirni baholashdan o‘tkazilayotgan loyihalar bo‘yicha aholini xabardor qilib borish maqsadida jamoatchilik eshituvlari tashkil etilmoqda. Yangilangan qonunchilik normalariga asosan jamoat ekologik ekspertizasi institutining joriy etilishi bu borada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida tizimli ravishda turli tadbirlar tashkil etilmoqda, ichki tartib va odob-axloq qoidalariga rioya etish borasida Markaz apparat yig‘ilishlarida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Hurmatli ekolog-ekspertlarimiz!
Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini qonunchilikda belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik, loyiha hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaytarish hamda berilayotgan xulosalarning talabga javob bermasligini korrupsion holatlar, deb baholanishini yana bir bor qat’iy eslatib va ogohlantirib o‘tmoqchiman!
Hurmatli Davlat ekologik ekspertizasi markazi xizmatidan foydalanuvchilar, aziz tadbirkorlar!
Agarda, Sizlarda Davlat ekologik ekspertizasi markazi xodimlari tomonidan o‘z lavozim majburiyatlarini bajarishda korrupsion holatlar kuzatilganda yoki shubha tug‘diruvchi va noqonuniy holatlar haqida ishonchli va asosli ma’lumotlar bo‘lsa yoki bunday holatlarga guvoh bo‘lsangiz, Ekologiya qo‘mitasi hamda tizimdagi boshqarma va idoralarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki tuzilmalariga, shuningdek, Markazning quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat yo‘llashingiz mumkinligini ma’lum qilamiz:
Ishonch telefoni: (71) 203-03-04, 1392.
Elektron pochta: info@ecoekspertiza.uz
Telegram bot kanali: t.me/ecoekspertiza
Veb-sayt: gov.uz/ecoekspertiza
Unutmang, murojaatingiz maxfiyligi kafolatlanadi!
Davlat ekologik ekspertizasi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarni yana bir bor halollik, xolislikni ta’minlashga, adolat va haqiqat yo‘lida qat’iyatli bo‘lishga chaqiraman. Zero har qanday yuksak axloq va ma’naviyat hukm surgan davlat yanada obod va farovon bo‘ladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik!
