Loyihalarning ekologik talablarga muvofiqligi o‘rganilmoqda
2026-10-08 11:30:00 / Yangiliklar

Jumladan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Mustaqillik” mahallasi hududida parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan loyiha bo‘yicha jamoatchilik monitoringi va muhokamasi o‘tkazildi.
Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazining Navoiy viloyati filiali ekspertlari, tuman ekologiya bo‘limi hamda loyiha tashkiloti vakillari ishtirok etdi. Mutaxassislar loyiha hujjatlari, ishlab chiqarish jarayonlari, qo‘llaniladigan texnologiyalar va ekologik xavfsizlik choralari bilan tanishdilar.
Muhokama davomida faoliyatning atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi. Korxona mas’ullariga atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarni belgilangan tartibda boshqarish hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va shartlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 2026-yil 22-sentabr kuni Davlat ekologik ekspertizasi markazi Sirdaryo viloyati filiali mutaxassislari tomonidan Oqoltin tumani Obod mahallasida joylashgan “OQOLTIN METAN” MChJ faoliyati o‘rganildi.
Monitoring davomida korxonaning avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi faoliyati bo‘yicha berilgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va tavsiyalarning bajarilishi tahlil qilindi.
O‘rganish natijasida “OQOLTIN METAN” MChJ tomonidan faoliyatni boshlash jarayonida davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va tavsiyalar bajarilgani aniqlandi.
Shuningdek, 23-sentabr kuni Oqoltin tumani Ahillik mahallasi hududida joylashgan “QORA TEPA QO‘RG‘ONI” MChJ faoliyatida ekologik monitoring o‘tkazildi.
Mutaxassislar tomonidan korxonaning avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi faoliyati, davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab va tavsiyalarning bajarilish holati hamda korxonaning amaldagi faoliyati o‘rganildi.
Monitoring yakuniga ko‘ra, “QORA TEPA QO‘RG‘ONI” MChJ tomonidan faoliyat yo‘lga qo‘yilgani va davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talab hamda tavsiyalar to‘liq bajarilgani aniqlandi.
Bunday monitoring va jamoatchilik muhokamalari loyihalarni amalga oshirishda ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlash, atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirlarni baholash hamda ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.






